Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun muhim bo’lgan memorandum imzolandi

1181

Mudofaa vazirligi bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum bandlarida aholi va harbiy jamoalardagi demografik jarayonlarni, muammolarni o‘rganish va tahlil qilish, harbiy psixolog va sotsiologlarning malakasini oshirish, eng ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganish, oliy harbiy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga sohaga oid ilg‘or yutuqlar va ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazishning innovatsion yondashuvlarini joriy etish, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish kabi masalalar o‘rin olgan.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar hamkorlikni samarali amalga oshirish maqsadida vakillardan iborat ishchi guruhlarni tuzish kerakligini aytib o‘tdi. Xususan, mutaxassislar mazkur ishchi guruh yordamida birinchi navbatda eng olis garnizonlarda xizmat qilayotgan harbiylar va ular oila a’zolari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazib, mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘lida tadqiqotlar olib borish, sog‘lom munosabatlarni shakllantirish bo‘yicha takliflarni bildirdi.

Shuningdek, marosimda imzolangan hujjat asosidagi hamkorlik harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda oilaviy munosabatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti