Harbiy xizmatchilar oilalarining ijtimoiy himoyasi yoʻlida

0
602

Bugun nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ularning oila aʻzolarini ham maʻnaviy, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga katta eʻtibor qaratilmoqda. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʻminlash, farzandlarining oliy taʻlim muassasalariga kirishlari uchun kvotalar ajratish kabi qator ezgu ishlar harbiy xizmat nufuzini oshirishi barobarida, Vatan himoyachilarning oʻz ishiga yanada sidqidildan yondashishlari uchun turtki boʻlishi shubhasiz.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak tumanidagi harbiy qismda oʻtgan tadbir ham ana shu fikrlarning uzviy davomi boʻldi. Harbiy qismda joylashgan tibbiyot punktida xizmat vazifasini oʻtayotgan va burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tibbiy koʻrik jarayonlari “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro fondi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tibbiy potranaj brigadasi hamda Qarshi harbiy gospitali shifokorlari tomonidan amalga oshirildi. Kun davomida bolalar shifokori, UZI mutaxassisi, terapevt, EKG, tish shifokorlari tomonidan 200 ga yaqin murojaatchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bulardan 126 nafari xotin-qizlar, qolganlari esa bolalar va chaqaloqlar boʻldi.

Tajribali shifokorlar tomonidan murojaatchilarga tibbiy maslahatlar, ayrimlariga bo‘lsa davolanish uchun yoʻllanmalar berildi.

Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar shu yerning oʻzida Qarshi harbiy prokurori qabuliga ham kirish imkoniga ega boʻldilar. Uy-joy bilan taminlanish, harbiy xizmatchilarning oilalarini ishga joylashishlari borasidagi qator savollarga asosli huquqiy javoblar berilishi murojaatchilarni yana bir karra quvontirgani aniq.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati