Nukusda “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining okrug bosqichi g‘oliblari aniqlandi

0
666

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasiman!” shiori ostida “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug bosqichi boʻlib oʻtdi. Tanlovda okrugning harbiy qismlaridagi eng namunali va ibratli harbiy oilalari bellashdi.

Har yilgidan-da qiziqarli va fayzli oʻtgan tanlov kasbiy bilimlar va yutuqlarga, ijodiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyatlar va ahloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, eng asosiysi Vatan himoyasida koʻksini qalqon qilib turgan mard va jasur insonlardan eng namunali harbiy oilalarini aniqlab berdi. Nukus va Urganch garnizonlaridan jami besh nafar harbiy xizmatchining oilalari “Oilam – mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim – dilbandim”, “Sanʼatim – saodatim” shartlarida sogʻlom raqobat muhiti ostida bellashib, chin maʼnoda ibratli oilalar ekanligini sahna orqali isbotladi.

Oilalar har bir shartga oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining milliy urf-odatlari va anʼanalari, kuy va qoʻshiqlari uygʻunligida tayyorgarlik koʻrgan boʻlib, shu orqali uzoq asrlardan buyon saqlanib kelinayotgan qadriyatlarimizga yuksak ehtiromini izhor etdi.

Ta’kidlash kerakki, oilalar qoraqalpoq xalqining “Tusau kesuv” va “Aydar shash” marosimlaridan sahna koʻrinishlari bilan chiqishdi. “Tusau kesuv” qoraqalpoq, qozoq xalqlarining qadim urf-odatlaridan biri boʻlib, yurishga tayyorgarlik koʻrayotgan bolaning oyogʻiga ip bogʻlab, uni hayot yoʻllari ibratli va saodatli, ilm-maʼrifatli yoshi ulugʻ insonga kestirishadi. Bu urf-odat orqali bolaning tez yurib ketishi va hayot yoʻli chiroyli oʻtishiga ishonilgan.

Ingliz, rus tillarida biyron soʻzlayotgan, sport bilan shugʻullanib, chempionlik kamarini bogʻlashga ahd qilgan va ota-onalari bilan tengma-teng sahnada gʻoliblik sari intilgan bolakaylar shijoati tanlov davomida tomoshabinlar va hayʼat aʼzolarining tahsiniga sazovor boʻldi.

Kuchli beshlikni jamlagan tanlov gʻoliblarini aniqlash oson kechmadi. Bir-biridan shirin, quvnoq besh azamatning ota-onasi ikkinchi darajali serjant Ergash Nurullayevlar oilasi mazkur tanlovning mutlaq gʻolibi deb eʼlon qilindi hamda Mudofaa vazirligi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindorlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting