Nukus garnizonida korrupsiyaga qarshi targʻibot tadbiri oʻtkazildi

0
394

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi tomonidan Nukus garnizonida joylashgan harbiy qism va muassasalarda targʻibot-tashviqot tadbiri oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi bosh mutaxassisi Muzaffar Akromov hamda Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Shuhrat Zoirov, Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi hamda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug mutaxassislari ishtirok etgan uchrashuvda taʼkidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylanib, har bir sohada bu illatga qarshi kurashish kuchaytirilgan. Soʻnggi yilllarda bu yoʻnalishda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar buning yaqqol dalili boʻlib xizmat qiladi.

Darvoqe, jamiyat kushandasiga aylanishi mumkin boʻlgan korrupsiya bilan kurashish, uning oldini olish maqsadida Mudofaa vazirligi koʻshinlarida turli targʻibot-tashviqot tadbirlari, harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilarining mafkuraviy immunitetini shakllantirishga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlari, ular oʻrtasida tushuntirish va huquqiy maslahat berish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday vositalar Qurolli Kuchlarda korrupsiyaning keskin kamayishiga, uning oldini olishiga olib kelishi bilan samarasini namoyon etmoqda.

“Korrupsiya – jamiyatni yemiruvchi illatdir!” mavzusida oʻtkazilgan uchrashuvda soha xodimlari tomonidan bugun mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida soʻz yuritib, ishtirokchilarni ogohlik va xushyorlikka chaqirdi. Jinoyatga, albatta, qonunchilikda belgilangan jazo muqarrar ekanligi eslatib oʻtildi.

Tadbir doirasida mavzu yuzasidan videolavhalar namoyish etilib, ishtirokchilarning savollariga atroflicha javoblar berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting