O‘zbekiston—Qozog‘iston hamkorlikdagi o‘quvi yakunlandi

0
1622

Qozog‘iston Respublikasida “Qalqon-2021” o‘zbek-qozoq o‘quvlari boshlangani haqida xabar bergan edik. Jambul viloyatining “Gvardeyskiy” o‘quv markazi hamda “Matibuloq” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yakunlandi.

Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilar uchun sinovlarga boy bo‘ldi. Ular yangi qurol-aslahalar, boshqa muhit, issiq va sovuq ob-havo sharoitlarida o‘zlarining qanchalar chiniqqan va chidamli ekanliklarini namoyish etishdi. Taktik mashg‘ulotlarda ham goh u, goh bu davlatning ishtirokchilari o‘ziga xos yondashuv va manyovrlarini ko‘rsatib berishdi.

-Ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar qadim tarixga ega. O‘tkazilayotgan hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni ushbu an’analarning uzviy davomi deyish mumkin. Yurtimizda o‘tkazilgan “Qalqon-2019” mashg‘ulotlari bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘lgan edi. Hamkorligimiz yana mamlakatimizda davom etadi. Iqlimdagi, mintaqa va jahondagi keskin o‘zgarishlarga har tomonlama toblanayapmiz, – deydi podpolkovnik Murodjon Safarov.

Ikki davlat harbiy xizmatchilari shartli dushmanga qarshi aviatsiya va artilleriyani qo‘llagan holda ham taktik harakatlarni amalga oshirdilar. Bu esa mashg‘ulot ishtirokchilari uchun amaliy bilimlarini oshirib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatini berdi. Taktik harakatlarning biri bo‘lgan pistirma va bosqinni amalga oshirish davomida ham ikki davlat harbiy xizmatchilari bir-birini tushungan holda belgilangan vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Tantanali yopilish marosida mashg‘ulotning faol ishtirokchilari har ikki davlatning mudofaa vazirlarining buyrug‘iga asosan Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shundan so‘ng namoyish qilingan konsert dasturi xalqlar orasidagi madaniy do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.

Kapitan Aziz Norqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti