“Qolgʻansirliklar” ishchi guruh faoliyatidan minnatdor

0
600

“Qolgʻansir” Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi qizil toifaga kiritilgan mahallalardan biri. Mudofaa vazirligi va boshqa qator davlat tashkilotlari vakillaridan tuzilgan ishchi guruh ushbu mahallada istiqomat qiluvchi aholining turmush sifatini yaxshilash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan hamda boquvchisini yoʻqotgan oilalarga har tomonlama koʻmak berish maqsadida amaliy tadbirlar tashkil etmoqda.

Xususan, ikki hafta avval aholi muammolarini “mahallabay” oʻrganish natijasida Toshkent harbiy okrugiga “qolgʻansirliklar” uchun yer ostidan burgʻilash orqali texnik suv chiqarish yuzasidan koʻrsatma berilgan edi. Malakali muhandis-mutaxassislari vazifani qisqa muddatda aʻlo darajada uddaladi. Endi ekinlarni sugʻorish uchun suv muammo emas. Bugun mahalla faollari navbatdagi ochiq muloqot chogʻida ishchi guruhning ana shunday koʻmagi, saxovati uchun samimiy minnatdorligini bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruhning navbatdagi manzili viloyatning Zangiota tumanidagi “Iftixor” mahallasi boʻldi. Ushbu hududda ham mas’ullar keksa-yu yoshlar bilan birgalikda kam taʼminlangan, nogironligi bor fuqaro xonadonini toʻliq kapital taʼmirdan chiqarish ishlariga hissa qoʻshmoqda.

Ushbu manzilda ham tumandagi barcha sektor rahbarlari ishtirokida mahalla ahlining uzoq yillardan beri yechimini kutayotgan muammolarini tinglanib, murojaatlarni shu joyning oʻzida ijobiy hal etish choralarini koʻrildi. Xususan, mahalla stadionini taʻmirlash, yonida “workout” maydonchasi bunyod etish, boquvchisi yoʻqotgan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning farzandlariga safarbarlik chaqiruv rezervi asosida xizmat oʻtash toʻlovini tuman hokimligi hamkorligida amalga oshirish yuzasidan Mudofaa vazirligi mas’ul harbiy xizmatchilari va boshqa mutasaddilarga qisqa muddatli va aniq vazifalar belgilab berildi.

Iftixorliklar bilan yuzma-yuz uchrashuv chogʻida mahalla bolalari uchun maktabgacha taʻlim tashkilotini qurish, koʻchalardagi yaroqsiz simyogʻochlarni yangisiga almashtirish, miopiya tashxisi qoʻyilgan fuqaroni gospitalda davolash, mehnat faxriylar uchun sanatoriylarga imtiyozli yoʻllanmalar ajratish masalalari ham diqqat-eʻtibordan chetda qolmadi.

Aholining kayfiyatini yanada koʻtarish maqsadida mahallada madaniy tadbirlar, vatanparvarlik festivali va yangi stadionda mudofaa vazirining maxsus kubogi uchun futbol boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazilishi belgilandi.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti