Hayot qiziqarli tasodiflarga toʻla. Birgina qilingan qaror ortida seni muvaffaqiyat kutadi yoki magʻlubiyat. Ammo muvaffaqiyat uchun qarorning oʻzi kamlik qiladi. Uning ortida mashaqqatli mehnat, uyqusiz tunlar va tinimsiz izlanish zarur. Hamma ham biror boshlagan ishni oxiriga yetkaza olmaydi. Buning uchun kuchli iroda, mustahkam qatʼiyat hamda oʻziga boʻlgan ishonch boʻlmogʻi darkor. Bugungi qahramonimiz kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Zaynab Dayibekova ham ana shunday tasodifiy qarorning ortidan muvaffaqiyat qozonib kelayotgan qatʼiyatli va irodali qizlardan. U 2002-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasida tavallud topgan. Qilichbozlik sport turining sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon va Osiyo chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi, “Shuhrat” va “Jasorat” medallari sohibasi.
Tasodifiy va toʻgʻri qaror
Televideniye orqali Nukus shahrida qilichbozlik boʻyicha sport toʻgaragi ochilganini koʻrib qoldim. Oʻsha koʻrsatuvni tomosha qilarkanman, toʻgarakka qatnashish ishtiyoqi paydo boʻldi. Onamning xayrixohligi bilan mashgʻulotlarga qatnashishni boshladim. Menga Davrbek Jemuratov murabbiylik qildi. Bungacha bu sport turi haqida umuman tushuncham boʻlmagan. Ammo negadir mashgʻulotlar menga juda yoqib borardi. Bir hafta oʻtganidan keyin, murabbiyim sablya yoʻnalishida saboqlarni bera boshladi. Avvaliga tushunmadim. “Qilichbozlikning alohida yoʻnalishlari ham bormi?” deya soʻraganimda, Davrbek ogʻa shpaga, rapira va sablya turlari borligini tushuntirdi. Bir haftalik mashgʻulotlar natijasi oʻlaroq, murabbiyim meni sablya yoʻnalishida koʻrgan ekan. Mana, 2015-yildan buyon qilichbozlikning sablya yoʻnalishida musobaqalarda ishtirok etib kelaman.
Onamning ishonchini oqlashim kerak
Bizning mentalitet boʻyicha qiz bolaning tarbiyasiga oiladagilar qattiqroq turishadi. Shu nuqtayi nazardan sportga qatnashishim barchaga ham manzur boʻlmagan. Qarindoshlar tomonidan qilingan tanqidlarga onam qalqon boʻlib turdi. Menga boʻlgan ishonchi yuqoriligi, kerak boʻlsa, imkon berilsa, barchasini uddalashimga ularni ishontirdi. Mashgʻulotlarga qatnasha boshlaganimga endigina 3 oy boʻlganida, qilichbozlik boʻyicha Qoraqalpogʻiston kubogi oʻtkazildi. Men uchun birinchi yirik musobaqa edi. Hayajon va hadik toʻla kichkina jussam bilan ishtirok etdim. Natija esa 2-oʻrin boʻldi. Mendan ham koʻra koʻproq onam xursand boʻlgan edi. Yana 3 oy oʻtib, Oʻzbekiston kubogida jamoamiz bilan ishtirok etib, 3-oʻrinni zabt etgandik. Bir yil davomida ichki chempionat va kuboklarda doimiy ravishda 2-3-oʻrinlarni band etib keldim. Mening eng katta ojizligim, final bahslarida dugonam bilan raqib sifatida kurashganimda unga qarshi bor imkoniyat bilan jang qilolmasligim edi. Murabbiyim ham koʻp bora tanbeh bergan. Doʻst va dugona boʻlsa ham musobaqada raqib sanaladi, bemalol kurashaver, degan soʻzlari ham menga kor qilmagan. Hozirgacha ham bu ojizligimni toʻgʻirlay olmadim. Shundan boʻlsa kerak, iloji boʻlsa, oʻzimning dugonalarim bilan musobaqaga kirishmaganim yaxshiroqdek tuyuladi.
Motivatsiya
Oʻrta Osiyo chempionatida yoshlar, oʻsmirlar va kattalar oʻrtasida ishtirok etib, uch karra gʻolib boʻlganman. Har bir gʻalabada onamning menga boʻlgan ishonchi va murabbiylarimning koʻrsatmalari asos boʻlgan. Ayniqsa, Tokioda boʻlib oʻtgan Olimpiada menga juda katta tajriba berdi. Eng yosh sportchi sifatida ishtirok etganligim bois, raqiblarim meni mensishmagan. Oʻzlariga raqib sifatida koʻrishmagan edi. Yana bir holatni aytib oʻtishim zarur, bundan oldin Olimpiada oʻyinlarida qilichbozlik yoʻnalishida Oʻzbekistondan jamoa qatnashmagan ekan. Chunki bu sport turiga yetarlicha eʼtibor qaratilmagan. Shu sababdan ham Olimpiada boshida dunyo qilichbozlari uchun bizning ishtirokimiz unchalik ham ahamiyatlidek tuyulmadi. Raqiblarimni birin-ketin magʻlubiyatga uchratib boshlaganimdan keyingina ular sergak tortishni boshlashdi. Birinchi boʻlib, yaponiyalik raqibim keyin xitoylik va koreyalik sablyachilarni yengib boshlaganimdan keyingina menga jiddiy qarashga majbur boʻlishdi. Chorak finalda vengriyalik sportchiga yutqazib qoʻyganman. Agar shu qilichbozni ham yengganimda kuchli toʻrtlikka kirardim. Afsuski, Tokio Olimpiadasi men uchun kuchli sakkizlikka kirish bilan yakunlandi. Albatta, bu yerda tajriba oʻz soʻzini aytdi. Ammo menda hali imkon borligini murabbiylarim ham, aeroportga kutib olish uchun chiqib koʻz yoshlarimni artgan onam ham bot-bot takrorlashdi. Mening niyatim, Olimpiada oltin medalini yurtimga olib kelish va men uchun qalqon boʻlayotgan onamning boʻyniga taqish. Mana shunday oʻy-fikrlar menga hech qachon tinchlik bermaydi va harakatdan toʻxtashimga yoʻl qoʻymaydi.
Ustozdan oʻzmagan shogird shogirdmas…
Mamlakatni sportchalik dunyoga mashhur qiladigan soha yoʻq. Buni anglagan masʼullar oxirgi paytlarda qilichbozlik sport turiga ham juda katta eʼtibor berishmoqda. Ayniqsa, Yurtboshimizning shaxsan oʻzlari tomonidan biz sportchilarga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrlik va yaratib berilayotgan sharoitlar oʻz samarasini bermoqda. Men ham Prezidentimizga Parij olimpiadasida oltin medalni olib kelishga vaʼda berganman. Buning uchun bizda barcha sharoitlar yaratilgan. Hatto mashgʻulotlarni ham dunyo tan olgan murabbiyimiz Vladimir Nazlimov olib bormoqda. U inson qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha uch karra Olimpiada gʻolibi va oʻn karra jahon chempioni boʻlgan. Men ham nafaqat ustozimdek boʻlishga, balki ularning murabbiyligida undan ham yuqori choʻqqilarni zabt etishga harakat qilaman. Axir aytishadi-ku, ustozdan oʻzmagan shogird shogirdmas!
Harbiylik…
Bolaligimda men ham harbiy boʻlaman deya onamga xarxasha qilaverardim. Onamning javobi doim bir xil boʻlardi: “Qiz bola harbiy boʻlmaydi!”. Vaqtlar oʻtib, muddatli harbiy xizmatga qizlarni olmasliklarini tushunganman. Ammo doim harbiy libos kiyganlarga havas qilaverardim. Niyatning xolisligi boʻlsa kerak, kunlar kelib, men ham havas qilgan “libos”imga erishdim. Buni menga sport taqdim etdi. Bolalikda qabul qilingan tasodifiy qaror koʻp orzularim roʻyobi ijobati boʻldi. Bugungi kunda harbiy sportchi boʻlish bilan bir qatorda, Oʻzbekiston terma jamoasiga aʼzoman. Bunday sharafning oʻziga yarasha masʼuliyati ham bor. Oʻsha masʼuliyatga loyiq boʻlishga va doim olgʻa intilishdan toʻxtamaslikka harakat qilaman.
Sportda boshqa sohalardan farqli oʻlaroq, yuqori natijaga erishish uchun butun faoliyat davomida muntazam harakat qilinadi. Birlamchi maqsad eng yuqori natija ham zabt etish boʻlsa, ikkinchi va ogʻir masala shundaki, oʻsha zabt etilgan natijani ushlab turishdir. Sportda vaqt, yosh, makon va manzil tushunchalari baribir oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Mamlakatni sport qanchalik tez dunyoga tanitar ekan, uning ortida turgan mashaqqat ham shunchalar ogʻir sanaladi. Men ham sablya yoʻnalishida oʻz qilichim bilan dunyoni zabt etmoqchiman. Shu bilan bir qatorda, uzoq yillar natijani ushlab qolish uchun bor kuch-gʻayratimni ayamayman. Olimpiada arenalarida yurtim bayrogʻi eng yuqorida hilpirab, madhiyamiz jarang sochishidan toʻxtamasligini tilayman.
Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti