Harbiy gospitalda yangilanayotgan Konstitutsiyaga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi

585

Dunyoda va mamlakatimizda globallashuv jarayonlari kechmoqda va bugun za­mon har qachongidan ham tezlashib, aholimizning talab va ehtiyojlari ortib borayotir. Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqish uchun davlat boshqaruvi tizimi, jamiyat va fuqarolarimizning huquqiy maqomi ham oʻzgarishi kerak. Konstitutsiyaviy islohotlarning maqsadi esa eng avvalo inson huquq, majburiyatlari va erkinliklarini keng taʼminlash va kafolatlashga qaratilgan.

Konstitutsiyaviy islohotlar “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat” degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga singdirish orqali erkin, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni shakllantirish va taraqqiy etishga qaratilgan.

Bugungi kunga qadar xalqimiz tomonidan mamlakat Konstitutsiyasini takomillashtirishga qaratilgan 220 mingdan ziyod taklif kelib tushganligi “Jamiyat konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuskori” tamoyilini namoyon etmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining referendum orqali qabul qilinishi har bir fuqaroning konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor boʻlishi va “Bu — mening Konstitutsiyam», degan yuksak g‘uru va iftixorni taʼminlashga imkon yaratadi.

Markaziy harbiy klinik gospitalida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda muhim siyosiy jarayon — referendum oʻtkazish tartibi hamda yangilanayotgan bosh qomusimizdagi oʻzgarishlarni shaxsiy tarkib ongiga chuqurroq yetkazishga qaratilgan “Konstitutsiya oʻzimizniki” shiori ostida tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar bosh harbiy klinik gospitali shaxsiy tarkibi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari- yuridik fanlari doktori, professor Muhiddinova Feruza Abdurashidovna, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali drama teatri aktyori Turgʻun Beknazarov, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi shoira Sayyora Toʻychiyeva, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi shoir Mirzo Karim, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi ishtirok etdi.

Tadbir davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha targʻibot tadbirida soʻzga chiqqanlar yangilanayotgan bosh qomusimizdagi oʻzgarishlar haqida maʼlumotlar berib, 30-aprel sanasida oʻtkazilishi belgilangan referendumda barchani faol ishtirok etishga chorladi. Tadbirda professor Muhiddinova Feruza Abdurashidovna tadbir ishtirokchilari tomonidan berilgan savollarga mutaxassis sifatida toʻlaqonli javob berdi.

Targʻibot tadbiri soʻngida el suygan taniqli sanʼatkorlar hamda sheʼrlari millionlab qalblarga qoʻshiqlar orqali kirib borgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolari shoir Mirzo Karim va Sayyora Toʻychiyevaning chiqishlari tadbirga koʻtarinki ruh bagʻishladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti