Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga bag‘ishlangan tag‘ibot tadbiri

0
1058

Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida harbiy xizmatchilarni “O‘zbekiston  Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati bilan tanishtirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xalmuhamedov, vazir o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Respublika Harbiy prokurori adliya polkovnigi Botir Qudratxo‘jayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Erkin Salixov, Iqbol Mirzaaliyev va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir mehmonlari o‘z ma’ruzalarida 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon — umumxalq referendumida ovozga qo‘yiladigan yangi tahrirdagi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonunning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ahamiyatiga to‘xtaldi. So‘nggi yillarda barcha sohalarda ro‘y bergan tub o‘zgarishlar, mamlakatda olib borilayotgan izchil islohotlar o‘z o‘rnida Konstitutsiyani o‘zgartirish zaruratini keltirib chiqargani misollar orqali tushuntirib o‘tildi.

Asosiy qonunga kiritilayotgan har bir o‘zgartirishda xalq fikri va takliflari inobatga olingani ta’kidlanib, konstitutsiyaviy islohotga ko‘ra, yangi tahrirga asosan O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilayotgani, 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilayotgani bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Podpolkovnik Gulnora Hojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti