Muddatli harbiy xizmatchilarga tavsiyanomalar topshirildi

0
836

Bugun, 29-mart kuni Vatanga qasamyod haykali poyida Mudofaa vazirligi muddatli harbiy xizmatchilarini Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq shoiri, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqboljon Mirzaaliyev, faxriylar ishlari bo‘yicha Markaziy kengash raisi Abubakir Navruzov so‘zga chiqib, muddatli harbiy xizmatchilarni qutlab, eng avvalo, Ona Vatanni himoya qilishdek sharafli va oliyjanob burchga sodiq o‘g‘lonlarni voyaga yetkazgan ota-onalarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi. 

Marosimda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari va jamoat tashkilotlari vakillari hamda vazirlik faxriylari muddatli harbiy xizmatchilarga oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirdilar.

O‘z navbatida so‘zga chiqqan muddatli harbiy xizmatchilar zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni  his qilgan holda, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga, ofitser va serjantlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi. Ona zaminimizda yashab o‘tgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qo‘mondonlar hayoti va jasorati bilan g‘ururlanishlarini aytib, ularga munosib voris bo‘lishga so‘z berdilar.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va taniqli san’atkorlarning chiqishlari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti