Ishchi guruh Olmaliqning chekka qishloqlari aholisiga koʻmak berdi

0
630

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi hamda boshqa davlat tashkilotlari vakillaridan tuzilgan ishchi guruh “Zarbuloq” hamda “Abdulla Qodiriy” mahallalarida istiqomat qiluvchi aholining turmush sifatini yaxshilash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, kam taminlangan, imkoniyati cheklangan hamda boquvchisini yoʻqotgan oilalarga har tomonlama koʻmak berish maqsadida amaliy tadbirlar tashkillashtirdi.

Ishchi guruhning dastlabki manzili shaharda joylashgan “Chambil” mahallasida istiqomat qiluvchi boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan, nogironligi bor fuqaro xonadonida boʻldi. Dastlab harbiy xizmatchilar xonadon yon-atroflarini tozalab, obodonlashtirdi, soʻngra ushbu uyni toʻliq kapital taʼmirdan chiqarish ishlarini olib borishdi.

Bir vaqtning oʻzida Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan “Abdulla Qodiriy” mahallasida istiqomat qiluvchi aholisi uchun bepul sayyor tibbiy koʻrik ham tashkil etildi. U yerda tor doiradagi mutaxassaislar – lor, nevrapotolog, xirurg, okulist, terapevt, UTT, EKG laboratoriya, patronaj hamshiralar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy xizmat koʻrsatildi.

Kunning ikkinchi yarmida esa Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining konsert dasturi namoyish etildi. Kuy-qoʻshiqlar sadosi barchaga manzur boʻlib, xush kayfiyat ulashdi. Kun botarga yaqin aholi uchun iftorlik dasturxoni ham yozildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti