Termizda bir guruh harbiy xizmatchilar eʼtirof etildi

0
1150

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni 13-mart kuni “Termiz” umumqoʻshin poligonida Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlar tomonidan oʻtkazilgan brigada taktik oʻquvining jangovar otish bosqichiga tashrif buyurgan edi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur brigada taktik oʻquviga Janubiy operativ qoʻmondonligining barcha harbiy qism va boʻlinmalari jalb etilgandi. Unda boʻlinmalar moʻljallanishi boʻyicha zamonaviy qurolli toʻqnashuvlar tajribalaridan kelib chiqib, yangi taktik usullarni qoʻllagan holda harakatlandi.

Qolaversa, oʻquvning jangovar otish bosqichi jarayonida mutaxassislar artilleriya, jangovar mashina, guruh qurollari hamda harbiy aviatsiyaning jangovar samalyot va vertolyotlarini qoʻllagan holda oʻquv jangovar vazifalarni bajardi.

Davlat rahbari mazkur brigada taktik oʻquvida harbiy xizmatchilarning harakatlari va oʻquv obyektlaridagi jangovar tayyorgarlik tadbirlarining tashkil etilishiga yuksak baho berdi.

Bugun, 27-mart kuni “Termiz” umumqoʻshin poligoni oʻquv obyektlarini tayyorlash, jangovar otish bosqichiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishda faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilar mudofaa vazirining buyrugʻi bilan faxriy yorliq, qimmatbaho sovgʻa va “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov ishtirok etib, butun shaxsiy tarkibga oʻz minnatdorchiligini bildirib oʻtdi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni