Navoiy garnizonida harbiy qism tashkil etilgan sana keng nishonlandi

0
1307

Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Navoiy garnizonida joylashgan harbiy qismlardan biri tashkil etilgan sana munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyaboyev, Navoiy harbiy prokuraturasi, viloyatdagi kuch tuzilmalari vakillari, shahar hokimligi, faxriylar hamda harbiy qism harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz chiqqan okrug qo‘shinlari qo‘mondoni barchani eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etib, Vatan himoyasi yo‘lida toblangan mard oʻgʻlonlarimiz fazilatlarini, yuksak vatanparvarlik tuygʻusi bilan obroʻ-eʼtibor qozongan harbiy qism shaxsiy tarkibini Mudofaa vazirligi miqyosidagi oʻrnini e’tirof etdi.

Shundan soʻng xizmat faoliyati davomida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik borasida muayyan yutuqlarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar, esdalik nishonlari, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Tantanali tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr jamoasi va respublikamizning taniqli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar, koʻrgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilariga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati