Qarshida harbiy xizmatchilar ishtirokida “Konstitutsiya oʻzimizniki” tadbiri o‘tkazildi

0
1012

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati madaniyat saroyida muhim siyosiy jarayon — referendum oʻtkazish tartibi hamda yangilanayotgan bosh qomusimizdagi oʻzgarishlarni shaxsiy tarkib ongiga chuqurroq yetkazishga qaratilgan “Konstitutsiya oʻzimizniki” shiori ostida tadbir boʻlib oʻtdi.

Okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Isroil Sobirov, Qarshi davlat universiteti dotsenti Tohir Qurbonov hamda Qashqadaryo viloyat Yuridik texnikumi oʻqituvchisi Sherzod Qoʻldoshev tomonidan qilingan maʻruzalarda referendum oʻzi nima ekani, uning saylovlardan farqi haqida tushunchalar berildi.

Shundan soʻng, yangi Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasiga kiritilgan 65 foizlik oʻzgartirish va qoʻshimchalar borasida batafsil maʻlumotlar yetkazildi.

“Oʻzbekiston – xalqchil davlat!” milliy dasturi asosida ixcham davlat boshqaruvining joriy etilayotgani, parlamentarizmni kuchaytirish sari dadil borilayotgani, shuningdek, barcha soha xodimlarining erkin faoliyatini taʻminlashga qaratilgan qator ijobiy oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi zamirida xalq manfaatlarini oliy oʻringa qoʻyish masalasi yotibdi, albatta.

Tadbir davomida yigʻilganlar ham oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan toʻlaqonli javoblar olishdi. Shu kabi fikrlar muhokamasidan soʻng mehmonlar 30-aprel sanasida oʻtkazilishi belgilangan referendumda barchani faol ishtirok etishga chaqirdilar.

Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati