Surxondaryoda Navro‘z shodiyonalari

0
726

Surxondaryo viloyatining olis hududlaridan biri bo‘lgan Sariosiyo tumanida joylashgan harbiy qismda erta tongdan Navro‘z tadbirlari milliy an’analarimizga mos ravishda xalq oʻyinlari va sport musobaqalari bilan boshlandi.

Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ham ushbu tadbirda oʻzlarining bayram dasturxonlarini bezash va har bir viloyatning milliy taomlarini pishirish orqali ishtirok etdi. Sariosiyo tumanidagi korxona va tashkilotlar, mahallalar, taʼlim muassasalari tomonidan harbiy xizmatchilarga madaniy dasturlar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.

Bahoriy taomlar tayyorlanib, elga ulashildi. Keksalar yangi dehqonchilik mavsumi barakali kelishini tilab duolar qildi. Tuman madaniyat markazi xonandalar, badiiy va xalq jamoalari, sanʼat va madaniyat namoyondalarining chiqishlari sayil ishtirokchilariga zavq bagʻishladi.

Shuningdek, Janubiy operativ qoʻmondonligi va Termiz harbiy prokuraturasi hamkorligida harbiy xizmatchilar farzandlari oʻrtasida matematika, ingliz tili fanlaridan bilimlar bellashuvi va tasviriy sanʼat fanidan ijodiy ishlar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Unda Jarqoʻrgʻon tumanidagi 1- va 5-umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilari ishtirok etdi.

Dastlab oʻquvchi-yoshlar harbiy qismda jamlanib, Vatan tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida halok boʻlgan mard oʻgʻlonlar xotirasini yod etishdi. “Vatan tayanchi” otryadining 60 nafar aʼzosiga koʻkrak nishonlari topshirildi.

Tantanalardan soʻng tadbir ishtirokchilarining matematika, ingliz tili fanlari boʻyicha bellashuviga start berildi. Ushbu musobaqani malakali oʻqituvchilar va hayʼat aʼzolari kuzatib, baholab bordilar. Yakuniy natijalarga koʻra, “Yosh matematik” yoʻnalishi boʻyicha faxrli 1-oʻrinni 5-maktabning 6-sinf oʻquvchisi Hojimurod Mamatov egalladi. “Ingliz tili bilimdoni” yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblikni 1-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Muxlisaxon Muxammadjonova qoʻlga kiritdi.

“Tasviriy sanʼat” yoʻnalishida Sevinch Imonberdiyeva va Ahror Boltayev (1-maktab) 2- va 3-oʻrinlarni band etgan boʻlsa, 5-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Gavhar Abdurasulova eng yuqori ball bilan faxrli 1-oʻringa sazovor boʻldi.

Tanlov yakunida katta serjant Elyor Jumamurodovning farzandi, 1-maktabning 6-sinf oʻquvchisi Elbek Xoʻjamqulov oʻz ijodidan sheʼrlar oʻqib, barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Gʻolib va sovrindorlar Janubiy operativ qoʻmondonligi hamda Termiz harbiy prokurorining diplomi va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni