Termizda faxriylar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

0
629

Bugun, 5-noyabr kuni Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism madaniyat markazida “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faxriylarning o‘rni” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat mintaqaviy bo‘linmasi, Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Termiz harbiy prokuraturasi, Qurolli Kuchlar faxriylari, o‘qituvchi va talaba yoshlar hamda tegishli idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv chog‘ida soha fidoyilari o‘zlarining bolalik orzu-havaslari, mashaqqatlarga boy mehnat faoliyati, xizmatda erishgan yutuqlari haqida yoshlarga so‘zlab berdi. Albatta, bu kabi tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlodning ona Vatanga bo‘lgan dahldorligini yanada kuchaytirib, kasbiy hamda ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi.

Shuningdek, tadbirda harbiy orkestr hamda Termiz shahar madaniyat bo‘limining maqom ansambli jamoasi ishtirokida konsert dasturi ham bo‘lib o‘tdi. Viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Jaloliddin Manguberdi hayotiga oid voqeliklar sahnalashtirildi.

Bu kabi tadbirlar boshqa garnizonlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV,
Termiz garnizoni