Harbiy qismda Navroʻz tantanalari

0
1734

Navroʻz — bu tinchlik, totuvlik va farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millat va ellatlar uchun birdek sevimli ayyom. Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shaharidagi harbiy qism hududida “Har kuning Navroʻz boʻlsin, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida bayram boʻlib oʻtdi.

Erta tongda doshqozonlar osilib, ahillikda solingan sumalak oʻz atrofiga yosh-u qarini birlashtirdi. Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qoʻmondonligidagi boshqarma hamda boʻlimlarning harbiy xizmatchilari ishtirokida tashkil etilgan osh musobaqasi va bahoriy taomlar koʻrgazmalari ham Navroʻzning birdamlik va hamjihatlik elchisi ekanidan yana bir bor darak berdi.

Tadbirga Yunusobod tumani hokimi, tumani prokurori, IIB boshligʻi, hamkorlikdagi kuch tuzilmalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rahbarlari tashrif buyurdi. 

Milliy sport turlaridan bo‘yicha oʻtkazilgan musobaqalar esa tadbirga yanada koʻtarinkilik ulashdi. Bayram shodiyonalarida nafaqat harbiy xizmatchilar balki ularning oilalari ham ishtirok etdi. El suygan xonandalar va baxshilar tomonidan ijro etilgan koʻp asrlik etnologik kuy-qoʻshiqlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.

Shuningdek, tadbir davomida “Eng yaxshi bahoriy dasturxon” koʻrik-tanlovi ham oʻtkazildi. Yakunda esa barcha gʻolib va sovrindorlar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti