Samarqandda gulxan atrofida “Qo’mondon va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi

0
1582

Avval xabar berganimizdek, Samarqandda boshlangan “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinida ishtirok etayotgan 100 nafar yoshlar kunni ertalabki badantarbiya mashqlari bilan boshlab, saf, jangovar maʻnaviy-maʻrifiy tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan birga kasb-hunar oʻrganish uchun elektronika, payvandlash, IT sohasi hamda tadbirkorlik boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashmoqda.

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida viloyat hokimi, qoʻmondon, viloyat IIB va DXX rahbarlari kubogi uchun turli sport musobaqalar oʻtkazilib, yoshlar bilan turli koʻngilochar dasturlar tashkil etildi va Samarqandning tarixiy obidalari boʻylab sayohat qilish imkoniyatlari yaratildi.

Yigʻining sakkizinchi kuni Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qo‘mondoni polkovnik Farrux Ziyabayev yoshlarning harbiy qismda olgan taassurotlarini bilish va ular orasidan milliy armiyamiz saflarida qolish istagini bildirgan yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida gulxan atrofida uchrashuv oʻtkazdi.

Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida birin-ketin soʻzga chiqqan yoshlar kasb-hunarga, tartib-intizomga, tinchlikni va ota-onasini qadriga yetishni o‘rganganini, harbiy xizmatga qiziqishi ortganini ta’kidlab, buning barchasi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

Uchrashuv davomida harbiy orkestr jamoalari hamda yigʻin ishtirokchilari ijrosida yangragan kuy-qoʻshiqlar samarqandlik yoshlar uchun unutilmas onlarni taqdim etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati