Nuristonda “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining navbatdagi bosqichi boʻlib oʻtdi

618

Harbiy xizmatchi oldiga qoʻyilgan vazifani sifatli va sidqidildan ado etishi uchun oilasi farovon boʻlishi muhim, albatta. Shu boisdan joylarda harbiy xizmatchilar oilalarida hamjihatlikni ta’minlashga xizmat qiladigan turli madaniy va manaviy-maʻrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Bu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan madaniyat markazida “Ibratli harbiy oila” koʻrik-tanlovining garnizon bosqichi o‘tkazildi.

Mahallada oʻzlarining goʻzal xulqi, ijtimoiy faolligi va hamjihatligi bilan ibrat koʻrsatib kelayotgan bir guruh harbiy oilalar oʻzaro bellashdi. “Oilam — mening baxtim!”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim — dilbandim”, “Sanʻatim — saodatim” kabi bir-biridan farqli va qiziqarli shartlarda oilalar oʻzlarini turli jihatdan namoyon etdilar.

Harbiylar va ularning turmush oʻrtoqlari nafaqat yurt himoyasida, balki sanʻatda ham mohir ekanliklarini, pazanda, qoʻli gul chevar hamda zukkoligini ochib bergan tadbir tomoshabinlar olqishiga sabab boʻldi. Ayniqsa, oila atalmish muqaddas dargohning kichik aʻzolari – farzandlar tomonidan qilingan chiqishlar barchada katta taassurot qoldirdi.

Bu kabi tadbirlar nafaqat estetik zavq, balki oilaviy totuvlikni, farzandlarga eʻtibor va gʻamxoʻrlikni tarannum etayotgani bilan ham diqqatga sazovar, albatta.

Barcha shartlarni zehn bilan kuzatib, shaffof tarzda baholab borgan hakamlar hayʻati aʻzolari tomonidan gʻoliblar aniqlandi. Ibratli harbiy oilalar okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati