Bajarilgan ishlar, tahlillar, rejalar

0
836

Mamlakatimizda inson qadri, uning ijtimoiy himoyasi, qilgan mehnatiga munosib taqdirlanishi nazoratda turadi. Bu borada respublikamizda keng miqyosda faoliyat yuritayotgan kasaba uyushma qoʻmitalarining xizmatini eʼtirof etish joiz. Ularni tom maʼnoda ishchi-xizmatchilarning tayanchi desak arziydi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida boʻlib oʻtgan tadbir Mudofaa vazirligi Birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasining yil davomida amalga oshirgan faoliyatiga bagʻishlandi.

Tadbirda dastlab soʻz olgan Mudofaa vazirligi Birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Alisher Qilichev vazirlik tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan boshqarma maʼmuriyati va kasaba uyushma oʻrtasida 2021−2023-yillar uchun tuzilgan tarmoq kelishuvining Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga va navbatdagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, oʻtgan yillar davomida qoʻmita tomonidan ishchi-xodimlarning salomatligiga eʼtibor qaratish, dam olish sihatgohlariga yoʻllanmalar berish hamda ularning farzandlarining bolalar oromgohlarida dam olishlari uchun sharoit yaratish, bayramlarda sovgʻa-salomlar ulashish, yubiley sanasini nishonlayotgan ishchi-xizmatchilarni mukofotlash, faxriylar bilan ishlash, ular bilan muntazam ravishda tadbirlar uyushtirish, gʻamxoʻrlik koʻrsatish, maʼnaviy tayanch boʻlish va moddiy yordam koʻrsatish, ishchi-xizmatchilar bilan tarixiy shaharlar, ziyoratgohlarga, tabiat bagʻriga sayohatlar uyushtirish kabi bir qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbir davomida soʻz olgan Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi podpolkovnik Jobirxon Isoqov, Oʻzbekiston Davlat muassasalari jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati kengashi raisi Nilufar Komilova hamda Oʻzbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahri Kengashining tashkiliy ishlar boʻlimi mudiri Sardorbek Mulaboyevning maʼruzalari ham yigʻilish ishtirokchilari tomonidan eʼtibor bilan tinglandi.

Albatta, ish bor joyda yutuqlar bilan birga muammolar ham boʻladi. Navbatdagi rejalarni amalga oshirish, muammolarni hal etish borasida qizgʻin savol-javoblar boʻlib oʻtdi.

Zulfiya YUNUSOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti