Bayram arafasi tashkil etilgan do‘stona bellashuvlar

0
699

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazida Navroʻz ayyomiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda harbiy xizmatchilar, sportchilar, “Vatan tayanchi” harakati aʼzolari, yoshlar hamda markaz ishchi-xizmatchilari ishtirok etdi.

Dastlab sport markazi boshligʻi polkovnik Mansur Mamadaminov yigʻilganlarni Navroʻz bayrami bilan tabriklar ekan, barchaga sogʻlik va kelgusida bundan-da yuqori pogʻonalarni zabt etgan holda, yurtimiz bayrogʻini jahon arenalarining eng yuqoriga choʻqqisiga koʻtarishlarida tilakdoshligini bildirdi.

Shundan soʻng azaliy anʼanalarga sodiq qolgan holda Navroʻz bayrami arafasida oʻtkaziladigan milliy sport turlari boʻyicha “Vatan tayanchi” harakati aʼzolari bilan profissional sportchilar oʻrtasida doʻstona musobaqalar tashkillashtirildi. Ayniqsa, arqon tortish musobaqasi barchaga birdek koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

– Biz bir jamoa boʻlganligimiz bilan turli sport turlari boʻyicha musobaqalarda ishtirok etamiz. Shuning uchun ham bir-birimizni doim ham koʻravermaymiz, – deydi leytenant Dmitriy Shokin. – Mana bugungi Navroʻz bayrami sabab 19 ta sport turida mashgʻulotlar olib borayotgan hamkasblarimiz bilan diydorlashdik, suhbatlashdik hamda doshqozonda sumalak ham tayyorladik. Mehr va oqibat bayrami boʻlgan Navroʻz bilan barchani tabriklayman. Biz sportchilar oldida turgan katta maqsadlar bor, ularga barchamiz birgalikda erishishimizni tilab qolaman.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti