Harbiy xizmatchilar o‘rtasida milliy sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalar boshlandi

0
1533

Navroʻz — bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Unda xalqimizning tarixi, falsafasi, qadriyatlari mujassam etgan, u millat bilan ulgʻayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayramdir.

Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida bir necha asrlar mobaynida xalq sayllarida, “Navroʻz” bayramlarida muntazam ravishda oʻynalib kelingan chillak, qarabtep, kurash, arqon tortish hamda boshqa zamonaviy sport turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan musobaqaga start berildi.

Unda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Jur’at Yaqubov soʻzga chiqib, an’anaviy o‘yinlarimizni qadrlash, ularni yosh avlodga bekam-u koʻst yetkazish hamda abadiylashtirish maqsadida oʻtkazilayotgan ushbu musobaqa ishtirokchilarini faollikka chorlab, barchaga omad tiladi.

Qoʻmondonlik tasarrufidagi respublikamizning deyarli barcha harbiy qismlarida oʻtkazilishi belgilangan musobaqaning gʻolib hamda sovrindorlari qimmatbaho va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanishi belgilangan. Ushbu musobaqa joriy yilning 15-mart kunidan 20-mart kuniga qadar davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti