Barcha viloyatlar boʻylab Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismlarda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Jasorat maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida Qashqadaryo viloyatining barcha tumanlaridan tashrif buyurgan 100 nafar profilaktik hisobda turuvchi hamda uyushmagan yoshlar Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda jam boʻldi.
Yig‘inning tantanali ochilish marosimida ishtirokchilarga loyihaning mohiyati haqida batafsil tushunchalar berilib, oldinda o‘tadigan 10 kun vaqtini mazmunli o‘tkazib, kelgusida hayot yo‘llarida kerak bo‘ladigan biror narsani o‘zlashtirib olishlari tilandi. Harbiy xizmatchilar tomonidan birdamlik, shijoat va yuksak gʻururni ifodalovchi tantanali marsh yurishi, qoʻl jangi hamda qurol bilan koʻrgazmali chiqishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Harbiy mashgʻulotlarda ishtirok etish uchun inson sogʻlom boʻlishi talab etiladi. Shu jihatdan harbiy shifokorlar va psixologlar tomonidan dastlab yigʻin ishtirokchilari jismoniy hamda ruhiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Ta’kidlash kerakki, yigʻin davomida nafaqat harbiy koʻnikmalar, balki, belgilangan reja asosida tarxni oʻrgatuvchi, kasbga yoʻnaltiruvchi, tadbirkorlikdan dastlabki saboqlar singari turli yoʻnalishlarda bilim berib borish koʻzda tutilgan. Bularning barchasi zamirida ertamiz egalarini teran fikrli, bilim va hunarli, oʻz hayotiy pozitsiyasiga ega, vatanparvar etib ulgʻaytirishdek oliy maqsad mujassam.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati