“Moʻtabar ayol”lar sharaflandi

0
831

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan 2019-yilda taʼsis etilgan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik koʻrsatgan, oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan opa-singillarimizni taqdirlashda, ularni yangi marralar sari ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boʻlib oʻtgan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbirda kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev, mazkur vazirlik huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ayollarni eʼzozlash yuzasidan mamlakatimizda tizimli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.

Joriy yilda mazkur koʻkrak nishoni bilan turli sohalarda yetakchi, matonatli, fidoyi moʻtabar ayollardan 314 nafari taqdirlandi. Ular safida Sharqiy harbiy okrug xodimi Omina Dusmatova ham borligi eʼtiborga molikdir.

Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼzoz uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti