“Vatan tayanchi” harakati a’zolariga ko‘krak nishonlari topshirildi

0
1589

Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizonida joylashgan “Ijodkorlar bogʻi”da umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zolariga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari, viloyat hokimligi, oliy harbiy bilim yurtlari oʻqituvchilari, faxriylar, Yoshlar ittifoqining Fargʻona viloyat kengashi, harbiy xizmatchilar, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda mazkur harakatning ahamiyatini ta’kdiladilar. Shundan so‘ng viloyatdagi eng faol boʻlgan 10 ta “Vatan tayanchi” otryadlari aʻzolariga ko‘krak nishonlarini tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr va faxriy qorovul chiqishlari namoyish etilib, tadbirga yanada koʻtarinkilik bagʻishladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar mamlakatimiz bo‘yicha jami 177 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olgan 9 ming 858 ta “Vatan tayanchi” otryadlari tashkil etildi.

2022/2023-oʻquv yilidan “Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda maktabni aʼlo baholarga tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar aʼzosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi.

Tavsiyanomaga egalar respublika oliy harbiy taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklida imtiyozga ega boʻladi.

Tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab 3 yil mobaynida amal qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti