Chirchiqda “Uch avlod uchrashuvi” koʻtarinki ruhda oʻtdi

0
642

Uch avlod uchrashuvi — bu uch davr kishilarining hayot tajribalari, mashaqqat va gʻalabalari, insonparvarlik va milliy anʼanalari jam boʻladigan tarixiy jarayon.

Bugun, 23-fevral kuni Toshkent harbiy okrugiga qarashli Chirchiq garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlib oʻtgan ana shunday uchrashuvdan koʻzlangan maqsad ham yoshlar va keksa avlod oʻrtasidagi muloqotlarni mustahkamlash, muhim malaka va tavsiyalar ulashishdan iborat boʻldi.

Chirchiq shahar Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Chirchiq harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi Toshkent viloyati hududiy boʻlinmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat Kengashi hamkorligidagi ushbu tadbirda soʻz olganlar keksalar va yoshlar oʻrtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlari mustahkamlash, faxriylarimiz turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vatan ravnaqi uchun daxdorlik tuygʻularini shakllantirish borasida muhim tavsiyalarni berib oʻtishdi. Ayniqsa, Mudofaa vazirligi faxriylari, mahalla faollari, mehnat faxriylari va oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida kechgan savol-javoblar yuqori kayfiyatda oʻtdi. Uchrashuvning musiqiy qismi Chirchiq garnizoni harbiy orkestri vakillarining jangovar va baxshiyona chiqishlari, yakkaxon ijrolari bilan yanada fayz oldi.

Uchrashuv soʻngida namunali va fidoyi xizmatlari uchun bir qator faxriylar, faol kursantlar, oʻquvchi-yoshlar munosib taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti