Sharqiy harbiy okrugda jangovar-taktik o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda

0
1438

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida rejalashtirilgan jangovar-taktik o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda. Jarayonlarning navbatdagi kunida shaxsiy tarkib Farg‘ona va Sho‘rsuv dala-o‘quv maydonlariga joylashib, harbiy texnikalar va o‘quv nuqtalari maskirovka qilindi.

Dastlab Farg‘ona hamda Sho‘rsuv dala-o‘quv maydoniga joylashgan bo‘linmalar dala sharoitidagi kun tartibiga asosan xizmat va mashg‘ulotlarni tashkillashtirdi. Reja bo‘yicha qo‘mondonlik boshqaruv punkti, tibbiyot punkti, dala oshxonasi, kuzatuv postlari niqoblanish ishlarini amalga oshirdi va aloqa o‘rnatildi. Kun davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishdi.

Jangovar taktik-o‘quv mashg‘ulotining navbatdagi kunida brigada shaxsiy tarkibi kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda shartli dushmanga qarshi sinov mashg‘ulotlarini amalda qo‘llab ko‘rdi. Kuch tuzilmalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan rejaga asosan chegarani buzib o‘tgan shartli dushman haqida uchuvchisiz uchish qurilmalari yordamida razvedka ma’lumotlari yig‘ildi. So‘ngra artilleriya yordamida sharli dushmanga ayovsiz zarbalar berildi.

Mashg‘ulot rejasidan nafaqat jamoaviy harakatlanish, balki yaradorlarni evakuatsiya qilish ham o‘rin olgan. Harakat chog‘ida dovyurak o‘g‘lonlar o‘ziga qulay joylarda istehkomlarni egallab, belgilangan pozitsiyalarni portlatib, ko‘rsatilgan nishonlarni yakson etdi.

— Zamonaviy jang rejasi asosida ishlab chiqilgan taktika harbiy xizmatchilarni o‘quv amaliyotlarida chiniqtirish, professionallik darajasini yuqori ko‘tarishga undamoqda, – deydi mayor Ahadjon Husenov. — Ularning axloqiy-ruhiy holati a’lo darajada. Posbonlar jangovar texnikalardan maksimal darajada foydalanishi hamda ishlab chiqilgan jang rejasiga asosan shartli dushman yakson etildi. Shaxsiy tarkib jang maydonida bir tan-u bir jon bo‘lib, real jang sharoitlariga yaqinlashtirilgan holda kasbiy malakalarini oshirishdi.

Sinov mashg‘ulotlari okrug qo‘mondoni boshchiligida Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari ishtirokida kuzatib borilmoqda.

Andijon garnizonida ham rejaga asosan taktik o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda. Unga ko‘ra, bo‘linmalarga jangovar texnikalar, guruh va shaxsiy qurollardan foydalanib, shartli dushmanni aniqlash hamda yo‘q qilish vazifasi berilgan. Harbiy xizmatchilar berilgan vazifani a’lo darajada bajarib, nishonlarni yuqori aniqlik bilan yo‘q qildi.

Yurt o‘g‘lonlarining har bir harakatlari mas’ul ofitserlar tomonidan kuzatib, tahlil qilib borildi.

Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlaridagi So‘x garnizonidagi “Qayroqli” dala o‘quv maydonlarida rejaga asosan taktik-o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti