Toshkentda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

0
758

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida “Har bir voyaga yetmagan yosh davlat himoyasida” shiori ostida Yunusobod tumanida istiqomat qiladigan mahalliy yoshlar va oʻquvchi yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi, Yunusobod tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, IIB va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirga tashrif buyurgan yoshlar dastlab harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, harbiy tarix muzeyi, “Yangi Oʻzbekiston muzeyi”, pnevmatik va panoramali oʻq otish joylari va zamonaviy sport majmuasi bilan yaqindan tanishdi.

Harbiy xizmatchilar tomonidan nomiyish etilgan qoʻl jangi chiqishlari hamda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Zirhli texnikalar, zamonaviy va jangovar qurol-aslahalarning koʻrgazmasini tomosha qilgan yoshlar qalbida harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlari oshganini ularning koʻzlaridagi quvonchi va munosabatidan bilish mumkin edi.

Tadbir davomida mahalliy va oʻquvchi yoshlar ishtirokida sport musobaqalari ham yuqori saviyada tashkillashtirildi. Shundan soʻng, tadbir harbiy qism madaniyat markazida davom etdi. Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirga tashrif buyurgan mahalliy yoshlar va ularning ota-onalari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob oldilar.

Yoshlik qilib bilib-bilmay amalga oshirgan qilmishlari natijasida ichki ishlar profilaktik roʻyxatiga kiritilgan va nazoratda turadigan 15 nafar voyaga yetmagan bola, ularning ota-onalari hamda ustozlari ishtirokida tor doirada samimiy suhbat ham o‘tkazildi. Ular Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qoʻmondonligiga otaliqqa berildi. Yoshlarni qiziqishlaridan kelib chiqqan holda har xil taʻlim va sport toʻgaraklariga jalb qilishga kelishib olindi.

Qoʻmondonlik, hokimlik hamda boshqa hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari va sport anjomlari tadbirda ishtirok etgan yoshlarga tantanali ravishda topshirildi. Ta’kidlash kerakki, bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida harbiy vatanparvarlik tuygʻularini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti