Nukusdagi qurilish sohasi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazini 232 nafar fuqaro bitirdi

276

Kecha, 2-noyabr kuni bugungi kunda ichki va tashqi mehnat bozorlarida talab ortib borayotgan qurilish sohasi mutaxassislarini qisqa o‘quv kursi doirasida tayyorlab beruvchi Nukus qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida 3 oylik kursni tahsil olgan navbatdagi bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu yilning aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati va hududiy harbiy-ma’muriy sektori tomonidan Nukus shahridagi Transport kolleji negizida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi nazorati ostida Nukus qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi o‘z faoliyatini boshlagan edi. Joriy yilning iyul oyida mazkur ta’lim muassasasining ilk bitiruv marosimi o‘tkazilgan.

Muassasada temir-beton ishlari ustasi, g‘isht teruvchi, elektro-gaz payvandchi, duradgor, suvoqchi, bo‘yoqchi-bezakchi, santexnika ishlari ustasi, elektro-montajchi, ko‘tarma kran boshqaruvchisining yordamchisi, qoplovchi-plitkachi, po‘lat va temir beton konstruksiyalar montajchisi, gipsokarton montajchisi yo‘nalishida 3 oylik kurslarni tamomlagan fuqarolar endilikda ma’lum bir kasbning ustasi, mutaxassis ekanligini guvohlab beruvchi xalqaro darajadagi hujjatga ega bo‘lishdi. Shuningdek, ta’lim dargohida ko‘tarma kran mashinisti yo‘nalishida tahsil olayotgan 23 nafar o‘quvchi ta’lim sohasining mas’uliyati inobatga olinib, 3 oy va 3 hafta davomida o‘qishi belgilangan.

Tadbir davomida ta’lim jarayonida tirishqoqligi, namunali hulqi, shaxsiy mas’uliyati uchun bir guruh o‘quvchi va o‘qituvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Bitiruv marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vaziri Sultanbay Saparov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Yuldash Alimov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda markaz shaxsiy tarkibi qatnashdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun xorijiy mamlakatlar, shu o‘rinda yurtimizda jadal olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari o‘z o‘rnida ham tashqi, ham ichki mehnat bozorlarida qurilish sohasiniig malakali mutaxassislariga talabni oshirib kelayotganini, bu o‘z navbatida aholi bandligini ta’minlash, talab oshayotgan sohaga o‘z kasbining mohir mutaxassislarini tayyorlash tizimini tubdan yaxshilashni taqozo etmoqda. So‘z olganlar ta’lim berish tizimining barcha talablariga javob beradigan mazkur markazda yaratilgan qulay shart-sharoitlar kasb tanlash uchun bel bog‘lagan fuqarolarning malaka va tajriba orttirishida obro‘li maskaniga aylanishini va buning natijasida aholi bandligini sezilarli darajada yuksaltirishga erishishimiz mumkinligini alohida e’tirof etdi.

Aytish joizki, markazda tahsil olayotgan fuqarolar uchun qurilish sohasi yo‘nalishlari bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishi bilan bir qatorda xorijiy tillar hamda borishi rejalashtirilayotgan davlatning tarixi, an’analari, urf-odatlari va qonunchiligi bo‘yicha dastlabki bilimlar berilib, kasb-hunarga o‘rgatiladi.

Bu yerda o‘qitilayotgan vatandoshlarimizda milliy madaniyatimiz va tarixiy qadriyatlarimizga hurmat ruhini yanada yuksaltirish, ular ongiga vatanparvarlik tuyg‘usi, Vatanga muhabbat va mehnatga mas’uliyat bilan yondashishni chuqur singdirish ta’lim tizimining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi. Rivojlanib borayotgan qurilish sohasida zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlashni o‘rgatish maqsadida ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarni, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlarini keng joriy etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Markaz uchun ajratilgan ijtimoiy ob’ektlarda kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari natijasida zamonaviy andozalarga asoslangan 14 ta o‘quv va amaliyot xonalari, 300 o‘rinli ikkita yotoqxona, uch mahal ovqat pishirib berish quvvatiga ega bo‘lgan shinam va ko‘rkam oshxona, ma’naviyat va ma’rifat markazi, kutubxona hamda sport zali qayta ta’mirlandi.
Muhandislik tarmoqlarini ta’mirlashga ixtisoslashgan amaliy mashg‘ulotlar ustaxonasi har bir mutaxassislik bo‘yicha alohida jihozlar, kerakli dastgoh va o‘quv buyumlari bilan jihozlandi.

Markazda tahsil oluvchilar olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashlari uchun 3 gektardan iborat bo‘lgan o‘quv poligoni uchun yer maydoni berilgan.
Muassasaning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan o‘quv jarayonlarida foydalanish uchun zamonaviy, so‘nggi rusumdagi 5 dona avtobus, avtokran, samosval, ekskovator, yuklovchi kabi maxsus texnikalar va avtotransport vositalari, ko‘tarish kranlari va o‘quv trenajyorlari ajratilgan.

Markazda qurilish sohasidagi kasblar bo‘yicha o‘qitish World Skills kabi xalqaro standartlarga muvofiq hamda potensial xorijiy ish beruvchilarning talablarini hisobga olgan holda, xorijiy, ya’ni rus va boshqa tillar bo‘yicha o‘qitish yetakchi mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi. Bu o‘z navbatida bitiruvchilarga mutaxassisligi bo‘yicha jahonning eng ilg‘or va yetakchi ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida faoliyatlarini davom ettirish imkonini beradi.
Hukumatimiz tomonidan xalqqa bo‘lgan bunday e’tibor va g‘amho‘rliklarga markazda ta’lim olganlar mamlakat taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishi bilan javob qaytarishiga va’da berishdi.

Tadbir so‘ngida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarning dillariga orom bag‘ishladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati