Surxondaryolik oʻquvchilarga koʻkrak nishonlari topshirildi

0
1320

Termiz shahrida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining surxondaryolik aʻzolariga koʻkrak nishoni va guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Alpomish haykali poyida viloyat markazi va tumanlarida joylashgan 6 ta maktabdan 6 nafar harakat rahbari va 120 nafar aʻzosi taqdirlash marosimida jam boʻldi.

Unda Mudofaa vazirligi mas’ullari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, Termiz harbiy prokuraturasi, viloyat hamda tuman hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar nishon egalarini samimiy tabriklab, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarga javoban, oʻquvchilar chuqur bilim egallab, Vatanga tayanch boʻlishiga ishonch bildirdi.

Koʻzlarida shijoat yongan ertamiz egalari koʻkrak nishonlarini qabul qilib olar ekan, Oʻzbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga tantanali ravishda vaʻda berdi.

Tadbir Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati boshqarmasining sport texnikalari va koʻrgazmasiga ulanib ketdi. Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan qoʻl jangi hamda faxriy qorovul shaxsiy tarkibining sahna chiqishlari, madaniyat markazi xonandalarining Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni