Hindistonda o‘zbek-hind hamkorlikdagi o‘quv mashg‘uloti boshlandi

0
1404

O‘zbekiston va Hindiston Mudofaa vazirliklari o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq mamlakatimizning 45 nafar harbiy xizmatchilari 2023-yilning fevral-mart oylarida “Do‘stlik-2023” birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvida ishtirok etish uchun Nyu-Dehlidagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroporti orqali Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi tog‘li hududda joylashgan Garhwal Rifles 14-batalyoniga yetib kelishdi.

O‘zbekiston va Hindiston respublikalari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik 2019 yilda, ya’ni Toshkent harbiy okrugi hududidagi umumqo‘shin poligonida birinchi marotaba o‘tkazilgan “Do‘stlik” hamkorlikdagi o‘zbek-hind o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilgan edi. Shundan so‘ng, ushbu o‘quv mashg‘ulotlarining ikkinchisi 2021-yilda Hindistondagi Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” o‘quv markazida o‘tkazilgan bo‘lib, Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilg‘or tajribalar bilan almashish imkonini yaratgan edi.

Uchinchi bor o‘tkazilgan “Do‘stlik–2022” birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlari Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida tashkil etilib, ikki davlat harbiy xizmatchilarining yangi bilim va tajriba almashishga zamin yaratgan edi.

Bugun O‘zbekiston ko‘plab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, harbiy hamkorlik sohasida rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida tarixiy va madaniy mushtaraklik, mamlakatlarimiz xalqlarining do‘stona rishtalari hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan bo‘lib, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan hamkorlik ikki tomonlama keng qamrovli munosabatlarning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.

«Do‘stlik-2023» hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarining tantanali ochilish marosimi O‘zbekiston va Hindiston respublikalarining davlat bayroqlarini maydonga olib chiqishdan boshlandi. Shundan so‘ng, ikki ishtirokchi mamlakat sharafiga avval Hindiston, undan keyin O‘zbekiston davlat madhiyalari hindistonlik harbiy orkestr sadolari ostida yangradi.

Tantanali tadbirda ishtirok etgan Garhwal Rifles 32-brigada komandiri brigadir Mayank Vaid nutq so‘zlab, ushbu o‘quvlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun katta imkoniyatlar yaratib berayotgan ikki mamlakat davlat rahbarlariga samimiy minnatdorchiligini izhor etdi.

O‘zbekiston Respublikasi harbiy kontingenti nomidan so‘zga chiqqan Mudofaa vazirligi mas’ul ofitseri podpolkovnik Shavkatjon Sarmonqulov bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, tibbiyot, va turizm sohalaridagi hamkorliklar bilan bir qatorda harbiy sohada ham hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etib, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.

Tantanali tadbirdan so‘ng ikki mamlakat harbiy kontingenti vakillari uchun brifing hamda jamoaviy suratga tushish tadbirlari tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotining ilk kunidan ishtirokchilar Hindiston davlatining tarixi, madaniyati, hududiy bo‘linishi, urf-odat va an’analari, harbiy salohiyati va mudofaa qudrati, armiyaning tashkiliy tuzilmasi haqida ma’lumot berildi.

Shundan keyin hamkorlikdagi o‘quv mashg‘uloti ishtirokchilari uchun Hindiston qurolli kuchlarida foydalaniladigan qurol-aslahalar tanishtirildi.

Eslatib o‘tamiz, hamkorlikdagi o‘quvlar shu yilning 20-fevraldan 5-mart kuniga qadar davom etadi. Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilarining shartli terroristik guruhlarini qidirib topish, yo‘q qilish, tog‘li to‘siqlarni yengib o‘tish hamda tog‘li o‘rmon sharoitlarida jangovar operatsiyalarni bajarish kabi maxsus vazifalar hamda sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Podpolkovnik Timur Narziyev,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti.
Uttarakxand shtati, Hindiston.