Markaziy harbiy okrug Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq jangovar va yuk mashinalari hamda yuk ko’taruvchi avtokran harbiy qism shaxsiy tarkibiga tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Yangi jangovar va yuk avtomobillarining kalitlarini tantanali topshirish marosimida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimova, Mudofaa vazirligi ma’sul ofitserlari, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar so‘ngi yillarda milliy armiyamiz qudrati yuksalib, harbiy qismlar qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlanib kelayotganini e’tirof etishdi. Ushbu texnikalar dala, cho‘l va tog‘ sharoitida ham dosh berishi, yurish zaxirasi yuqoriligi va yonilg‘i sarfi borasida tejamkorligi bilan har tomonlama qo‘shinlarimiz uchun mos kelishini ta’kidlashdi.
Harbiy xizmatchilarga yangi texnikalar kaliti topshirilar ekan, ularni jangovar shay va soz holatda ushlab turishiga, har qanday jangovar vazifalarni tez va aniq bajarishlariga yuksak ishonch bildirildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati