Muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani

0
1245

Bugun, 16-fevral kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi va Qurolli Kuchlardan rezervga bo‘shatish masalalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi, polkovnik Otabek Yo‘ldashev,  Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i, podpolkovnik Ulug‘bek Qodirov, Mudofaa vazirligi Tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulaxatov, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy tibbiy komissiyasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Najmiddin Saidkulov, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining katta yordamchisi adliya polkovnigi Sherzod Xayitov spiker sifatida Respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining chaqiruv masalalari bo‘yicha savollariga javob berdilar.

Ma’lumot uchun aytish kerak, joriy yilning mart-aprel oylarida chaqiruv yoshidagi fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul va xalqaro aeroportlarni qo‘riqlash qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari qo‘shinlariga muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun yuborish, muddatli harbiy xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish ishlari o‘tkaziladi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikkita bosqichda hududiy tibbiy komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi: Birlamchi tibbiy ko‘rik, Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik. Hududiy tibbiy komissiyalari tarkibiga kiruvchi shifokorlar: jarroh, oftalmolog, terapevt, psixiatr, nevrolog, otorinolaringolog, dermatovenerolog , stomatolog. Mazkur tibbiy ko‘riklar joriy yilning 15-fevralidan 30-aprelgacha o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rikning yakuni bo‘yicha chaqiriluvchiga quyidagi xulosalardan biri beriladi:

A — harbiy xizmatga yaroqli (cheklanish darajasi — 1, 2).
V — ayrim cheklanishlar bilan harbiy xizmatga yaroqli (cheklanish darajasi — 3).
S — cheklangan ravishda harbiy xizmatga yaroqli (cheklanish darajasi — 4).
D — vaqtincha harbiy xizmatga yaroqsiz (cheklanish darajasi — 5).
Ye — tinchlik davrida harbiy xizmatga yaroqsiz, urush davrida cheklangan ravishda harbiy xizmatga yaroqli (cheklanish darajasi — 6).
F — harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz (cheklanish darajasi — 7).

Yig‘ish punktlaridagi harbiy-tibbiy komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi:

Komissiya raisi — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy muassasalaridan shifokor-mutaxassis;
Komissiya a’zolari: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitalidan terapevt, jarroh va nevropatolog;
Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmalaridan (organlaridan): otorinolaringolog, oftalmolog, stomatolog, dermatolog va psixiatr shifokorlar.

Chaqiriluvchidan ruhiy-asab kasalliklari va narkologik dispanserlaridan ma’lumotnomalar talab qilinmaydi. Mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan “Davlat xizmatlari markazi” tomonidan chaqiriluvchiga ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurashish va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlari ro‘yxatida turuvchi chaqiriluvchilar to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘iladi.

Shuningdek, joriy yilning 15-mart kunidan boshlab mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi harbiy-texnika mutaxassisliklar tayyorlash markazlarida 9 ta mutaxassislik bo‘yicha  o‘qish jarayoni boshlanadi. Shunga muvofiq, joylardagi mudofaa ishlari bo‘limlari tomonidan harbiy-texnika mutaxassislik bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarni saralab olish ishlari o‘tkaziladi.

Matbuot anjumanida chaqiruv tadbirlarini sifatli o‘tkazilishi, Qurolli Kuchlar safini sog‘lom va baquvvat, vatanparvar yoshlar bilan butlashga, muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining shaffofligini ta’minlash, eng asosiysi chaqiriluvchi va ularning ota-onalarida ijtimoiy adolat mavjudligi borasidagi OAV vakillarining savollariga anjuman spikerlari batafsil javob berdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyaar departamenti