Eng ibratli, eng namunali harbiy oila bekalari bellashdi

0
1084

Siz ayolga qanday ta’rif berasiz? Bu savolni eshitishingiz bilan beixtiyor xayolingizdan “ayol – go‘zallik timsoli, latofat va malohat egasi, nozik did sohibasi”, degan so‘zlar o‘tishi, shubhasiz. To‘g‘ri ta’rif. Lekin unutmangki,  oqilalik ham ayolning go‘zal sifatlaridan biri sanaladi. Chunki ayoldagi mana shu sifat farzandlarning odob-axloqli, tarbiyali insonlar bo‘lib kamol topishida muhim rol o‘ynaydi, obod va baxtli oila eshigiga kalit bo‘ladi.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari o‘rtasida “Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida o‘tkazilgan “Balli ayollar” ko‘rik-tanlovi harbiy oila bekalarining botinida yashirin bo‘lgan shunday ibratli fazilatlarni yuzaga chiqargani bilan qimmatli bo‘ldi.  

Dastlabki  shartda har bir ishtirokchi  o‘zi haqida she’r orqali batafsil ma’lumot bergan bo‘lsa, ikkinchi – “Bahru bayt” shartida xalq og‘zaki ijodi numunalaridan kuylab qo‘shiqchilik bobidagi iqtidorini namoyish etdilar.  Ha, ayolning qo‘li gul, deb bejiz aytishmaydi. Tanlovda ishtirok etayotgan oila bekalari o‘zlarining mana shunday qimmatli fazilatlarini “Ignadan ip o‘tmasa” sharti orqali keng omma oldida namoyish qilishdi. Ya’ni ularning tikuvchilik ko‘nikmalarini qay darajada egallagani mana shu shartda  sinovdan o‘tdi.

“Biz To‘maris izdoshlari” sharti ham qiziqarli bo‘ldi.  Bunda ishtirokchilar sahnada buyuk ajdodimiz – To‘maris siymosini jonlantirdilar. Bu shartni baholashda ishtirokchilarning aktyorlik mahorati, mavzuni qanchalik darajada ochib berolgani hamda sahna madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra,  Gulsanam Eshpo‘latova  1-o‘rinni egallab, ko‘rik-tanlovning  Mudofaa vazirligi bosqichiga yo‘llanma oldi. 2-o‘rinni Mashhura Ayosova, 3-o‘rinni esa Zilola Madumarova qo‘lga kiritdi.

Tanlov ishtirokchilari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti