Qarshida “Balli ayollar” ko‘rik tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi

0
3107

Ayol – millat ko‘rki, go‘zallik timsoli. Uni har qancha ezozlasak, e’tirof etsak arziydi. Bugun ayollar nafaqat oilada, balki jamiyat hayotida ham muhim o‘rin va nufuzga ega bo‘lib bormoqda. Ayollarning jamiyatda tutgan rolini yanada yuksaltirish, ularni faol hayotga jalb etish maqsadida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan “Yoshlar markazi” binosida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida xizmat vazifasini o‘tab kelayotgan harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari o‘rtasida “Balli ayollar” ko‘rik tanlovining okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Men namunali harbiy oila bekasiman” shiori ostida o‘tkazilgan bellashuvlarda ishtirokchilarning turli sohalardagi bilim va mahoratlari sinovdan o‘tkazildi. Xususan, bekalarining belgilangan shartlarda bajarayotgan nozik va mukammal harakatlari, turli mavzulardagi nazariy savollarga berayotgan ravon va aniq javoblaridan ularning zukko va serqirra ekanliklari yaqqol namoyon bo‘ldi. “Ignadan ip o‘tmasa” shartida ishtirokchilarning chevarliklari namoyon bo‘lgan bo‘lsa, To‘maris obrazini sahnada namoyon etayotgan bekalar san’atda ham mohir ekanliklarini isbotladilar.

Shartlarni shaffof va odilona baholab borgan hakamlar hay’ati a’zolarining natijalariga ko‘ra Qashqadaryo viloyati Pachkamar garnizonida xizmat vazifasini o‘tab kelayotgan kata serjant Alisher Turdialiyevning turmush o‘rtog‘i Ayubova Zarnigor musobaqaning mutloq g‘olibi deya e’tirof etildi. G‘oliblarga okrug qo‘mondonligi tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati