Shoh va shoir, buyuk sarkarda 540 yoshda

0
587

Nafaqat adabiyotga, balki jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining  540 yilligi Andijon shahridagi “Bobur” maydonida katta tantana bilan nishonlandi.

Tadbirda viloyat, tuman va shahar hokimliklari, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Andijon garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari, hamkorlikdagi tuzilmalar, korxona va tashkilotlar vakillari, shuningdek, Hindiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Amerikadan tashrif buyurgan boburshunos olimlar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etib, buyuk bobomizga hurmat ifodasi sifatida uning haykali poyiga guldastalar qo‘ydi.

So‘z olganlar Bobur qoldirgan adabiy-ilmiy merosning qadr-qimmati, jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida asrlar davomida e’zozlab kelinayotgani haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdilar.

Ma’lumki, o‘zbek va jahon adabiyotining betakror namunasi sanaladigan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakati muzeylaridan joy olgan. Adabiy davrada mazkur shoh asarning 30 dan ortiq tilga tarjima qilinganligi ham alohida e’tirof etildi.

Tadbir davomida mehmonlar hamda Bobur izdoshlari tomonidan she’rlar o‘qilib, kuyga solingan g‘azallar ijro etildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati