Qo‘shinlarda texnik ta’minot bo‘yicha eng ilg‘orlar aniqlanmoqda

0
6462

Texnik soha mutaxasislarini malakasini oshirish, ularning kasbiy mahorat borasidagi ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida qo‘shinlarda turli ko‘rik tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Mudofaa vaziriligi miqyosida texnik ta’minot yo‘nalishi bo‘yicha ko‘rik tanlovda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari jamoalari ham munosib ishtirok etib, dastlabki sarhisoblar bo‘yicha peshqadam bo‘lib turibdi. Xususan, okrug texnik ta’minot bo‘linmalari “Eng yaxshi jangovar mashinalar parki”, “Eng ilg‘or ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi”, “Eng ilg‘or ta’mirlash bo‘linmasi” yo‘nalishlarida vazifalarni aniq va sifatli bajarish bilan birga, sohadagi nazariy va amaliy bilimlarini yana bir marotaba sinovdan o‘tkazib oldi.

Ko‘rik tanlovda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlaridan iborat ishchi guruh tomonidan “Eng yaxshi jangovar mashinalar parki” yo‘nalishida texnikalarning jangovar shay holatda saqlanishi va ularga sifatli texnik xizmat ko‘rsatish xizmatlari baholab borilgan bo‘lsa, “Eng ilg‘or ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi”da jamoalar transport vositalari namunalarining texnik parametrlari ekspluatatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnoma asosida ishlab chiqilganligi va ularni tekshirish bo‘yicha operatsion kartalarga muvofiqligi, transport vositalarning ehtiyot va zaxira qismlar to‘plamlari, “Halokat to‘xtash” belgilarining va boshqa zaruriy vositalarning butligi tekshiruvdan o‘tkazildi. Ta’mirlash bo‘linmalari shaxsiy tarkibining kasbiy mahorati va professionalligi, ularning texnik ta’minoti vazifalarini bajarish uchun shayligi “Enga ilg‘or ta’mirlash bo‘linmasi” yo‘nalishida ko‘rib chiqildi.

Tanlov nizomiga ko‘ra ishtirokchilarning nazariy va amaliy bilimlari quyidagi vazifalar bo‘yicha baholab borildi:

  • shaxsiy tarkib bilan butlanganligi va nazariy bilimlarning mustahkamligi;
  • texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash punktini jihozlanganligi;
  • akkumulyator zaryadlash stansiyasining jihozlanganligi;
  • harbiy qism qurol-aslaha va texnikalarini ta’mirini tashkillashtirganligi;
  • jangovar shaylikka keltirish va vazifa bajarishga shayligi;
  • dala sharoitlarida ishlashga tayyorligi;
  • amaliy o‘q otish tayyorgarligi;
  • jismoniy tayyorgarligi;
  • ta’mirlash va ishlab chiqarish ishlariga innovatsion yondashuv.

Qo‘shinlarda sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ta’mirlash bo‘linmalarining nufuzini yanada oshirishga qaratilgan tanlovning g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyrug‘i bilan e’lon qilinadi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati