Joylarda navoiyxonlik kechalari davom etmoqda

0
703

Respublikamiz bo‘ylab Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan mushoiralar, nazm va navo kechalari, adabiyot bayramlari davom etmoqda.

Qarshi shahrida joylashgan viloyat musiqali drama teatrida Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolari uchun Navoiy tavalludiga bag’ishlangan adabiy-badiiy teatrlashgan konsert dasturi namoyish etildi.

Turkiy tilni, o‘zbek adabiyotini tanish Navoiyni anglashdan boshlanadi. Bejizga Navoiyga nisbat berilar ekan daho, buyuk singari yuksak sifatlar keltirilmaydi. Har bir kunini yurt ishqi, xalq g‘ami bilan sarf etgan insonni chuqurroq o‘rganish vatanparvarlikning oliy maskani tomon yetaklaydi.

Tadbir dasturida shoir satrlaridan bunyod bo‘lgan qo‘shiqlar ijro etilib, viloyatning taniqli san’at va ijod ahli tomonidan g‘azallari o‘qildi. Adibning Turkiy til jozibasi haqida zamondoshlari bilan qilgan teran munozaralaridan iborat sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Bugunning harbiy xizmatchisidan nafaqat jismonan yetuk bo‘lish, balki ma’nan va ruhan barkamol bo‘lish talab etiladi. Ma’naviy kamolotni esa ana shunday tadbirlar yana bir qadar yuksaltirishi tabiiy.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati