“Forish” poligonida “Jangovar birodarlik” musobaqasiga start berildi

0
1019

Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ilk marotaba oʻtkazilayotgan “Jangovar birodarlik” musobaqalariga start berildi.

Ushbu musobaqa milliy armiyamizda yuqori kasbiy va jismoniy malakaga ega harbiy xizmatchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish, qoʻshinlarning yuksak jangovar shayligini saqlash hamda ular oʻrtasida jangovar birodarlikni oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

Musobaqaning tantanalai ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Oybek Saidov, Mudofaa vazirligi maʻsul ofitserlari hamda musobaqada ishtirok etuvchi barcha harbiy okruglar hamda Qurolli Kuchlar akademiyasidan jami 14 ta jamoa ishtirok etdi.

Unda soʻz olganlar ushbu musobaqaning nomiga mos ravishda qoʻshinlarning birdamligini oshirishga qaratilgani va uning ahamiyati xususida toʻxtalib, barcha jamoalarga omad yor boʻlishini tilashdi.

Musobaqa jarayonlari 11-fevral kuniga qadar davom etadi va bir necha kun davomida jamoalar belgilangan vaqt oraligʻida intensiv sinovlardan, jangovar tayyorgarlik amaliyotlarini bajarish, yuk haltalari bilan 40 kilometrga piyoda yurish hamda 10 kilometrga yugurish, o‘q otish hamda pichoq uloqtirish amaliyoti kabi turli sinovlardan oʻtadi.

Musobaqaning yana bir muhim jihati shundaki, harbiy xizmatchilar jamoaviy tarkibda va mutaxassisligi boʻyicha sinaladi. Yakunda musobaqa gʻoliblari Mudofaa vazirligining qimmatbaho sovgʻalari va malaka toifasining bir pogʻona koʻtarilishi bilan ragʻbatlantiriladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati