Ikki oliygoh oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

0
983

Qarshi shahrida joylashgan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ushbu oliygoh hamda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari tomonidan imzolangan hujjat endilikda tomonlarning oʻzaro tajriba va malaka almashishlarida koʻprik vazifasini oʻtaydi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur memorandum orqali sohaga ilmiy izlanishlar boʻyicha yangiliklarni faol olib kirishni birgalikda bajarish, pedogogika sohasiga ilgʻor texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni tadbiq etishda tajriba almashish tizimini joriy etish maqsad qilingan.

Rasmiy marosimdan soʻng mehmonlar aviatsiya bilim yurtida kursantlar taʻlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti har tomonlama zamonaviy infratuzilmaga ega. Oʻquv binolari, laboratoriyalar, simuliatsion parvozlarni amalga oshirish imkoniyatlarining mavjudligi kursantlarni jahon standartlari talablariga javob beradigan taʻlim tizimi bilan taʻminlaydi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali ham bugungi kunda innovatsiyalar va taʻlim yoʻnalishida bir qator yutuqlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Shu jihatdan ikki taʻlim dargohi o‘zlarining ilmiy hamda pedogogik-tarbiyaviy uslublarini oʻzaro hamohang tarzda qoʻllab, yanada ulkan marralarni zabt etishi mumkin.

Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati