“Ishga marhamat” monomarkazida boʻsh ish oʻrinlari va sayyor qabul boʻlib oʻtdi

0
868

Bugun, 3-fevral kuni Toshkent shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlar va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar oilalarining ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ularning bandligini taʼminlashdan iborat.

Yarmarkada Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Nodira Umarova, Oila va xotin-qizlar boshqarma boshligʻi, harbiy prokuratura masʼullari, Mudofaa vazirligi Harbiy oilalar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova ushbu monomarkazning maqsad va vazifalari, oilalarni ish bilan taʼminlash borasida muhim koʻrsatmalarni berib oʻtdi.

Shundan soʻng, tashrif buyurganlarga Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi, Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi, Bandlik bosh boshqarmasi va tuman bandlikka koʻmaklashish markazlari, Toshkent shahar Hunarmandlar uyushmasi, Tadbirkor kasanachi ayollar, Hunarmandlar tomonidan koʻplab manfaatli ish oʻrinlari taklif etildi. Monomarkaz foyesida hunarmandlar mahsulotlari va turli sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkor tashkilotlar vakillari ishtirokida oʻzaro suhbatlar, mehnat shartnomalari imzolandi. Shuningdek, tashrif buyurganlar Sogʻlikni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan tashkil qilingan tibbiy koʻrikdan bepul oʻtkazildi.

Harbiy prokuratura mutaxassislari ishtirokida oʻtkaziladigan sayyor qabul esa shu yerning oʻzida koʻplab masalalarning yechim topishiga xizmat qildi.

Katta leytenant Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti