Andijonda “Yosh vatanparvarlar yigʻini” yakunlandi

0
805

Oʻzbekiston Prezidenti Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida mahallalarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini sifatli va samarali tashkillashtirish lozimligini qayd etgandi.

Shu maqsadida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Andijon garnizonidagi harbiy qismida viloyatidagi yoshlarning 100 nafari bilan 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar yigʻini” tashkil etildi.

10 kun davom etgan tadbirda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, muqim ish joyiga ega boʻlmagan, ichki ishlar organlari nazoratidagi va harbiy sohaga qiziquvchi yuz nafar yoshlar qatnashdi. O‘tgan kunlar davomida yig‘in ishtirokchilari turli kasb-hunar sohasi bo‘yicha o‘qitilib, tajriba orttirdi.

Kuni kecha garnizonda “Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning tantanali yopilishi marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, Jamoatchilik kengashi vakillari, yigʻin ishtirokchilarining ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda 10 kun davomida faol ishtirok etib, naʻmunali xulqi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlgan yoshlarga o‘zlari malaka oshirgan sohalar boʻyicha sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati