Buxoroda monomarkaz bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

0
786

Yurtimizning barcha viloyatlarida aholini turli kasb-hunarlarga bepul oʻqitish maqsadida Monomarkazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu maskanlarda oʻnlab mutaxassisliklar boʻyicha tajribali ustozlar tomonidan turli soha sir-asrorlari mukammal oʻrgatib kelinmoqda. Taʻlim jarayonlari esa eng soʻngi innovatsion texnologiyalar yordamida samarali tashkil etilgan.

Ta’kidlash kerakki, bunday imkoniyatdan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari ham samarali foydalanishmoqda. Xususan, Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida garnizonda yigitlik burchini oʻtayotgan muddatli harbiy xizmatchilar o‘zlari uchun ma’qul bo‘lgan hunarni egallab kelyapti.

Payvandlash, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, kran operatori, maishiy texnikaga xizmat koʻrsatish, santexnik, elektrik, hisobchi, ingliz va rus tillari kabi 11 ta yoʻnalishda haftada ikki marta taʻlim olish uchun askarlarga sharoit yaratib berilgan.

Kuni kecha harbiy qismda “Ishga marhamat” monomarkazini tugatgan harbiy xizmatchilarga sertifikat topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʻzolari, Buxoro harbiy prokuraturasi xodimlari, faxriylar, harbiy qism harbiy xizmatchilari va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi aʻzolari hamda oʻquv kursining oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Tadbir davomida oʻz yigitlik burchini oʻtash bilan birgalikda 4 oylik oʻquv kursini tamomlagan 300 nafardan ortiq muddatli harbiy xizmatchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, tadbirda monomarkaz direktori Alixan Umarov, ustoz va murabbiylar muddatli harbiy xizmatchilarning kasb egallashida koʻrsatgan amaliy yordami uchun harbiy qism nomidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati