Harbiy xizmatchilarga xorijiy tillarni oʻrgatuvchi markaz imkoniyatlari kengaydi

0
1232

Bugun har bir harbiy xizmatchi xorijiy tillarni mukammal bilishi zamon talabiga aylanib bormoqda. Sababi xalqaro oʻquv mashgʻulotlarida mutaxassislar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga kirishish, xorijiy texnikalarni qiyinchiliklarsiz boshqarish va taʻmirlay olishlari uchun harbiy xizmatchilar chet tillaridan boxabar boʻlishlari lozim. Qurolli Kuchlar “Tinchlik yoʻlida hamkorlik” dasturi tayyorlash markazi ana shu maqsadda harbiy xizmatchilarni oʻqitadi.

Muassasaning yangi binosi qisqa davrda qurib bitkazildi va zamonaviy oʻquv-moddiy baza bilan jihozlandi. Natijada muassasa tubdan yangi qiyofaga keltirildi. Taʻlim maskani 34 ta oʻquv sinfi, 8 ta multimediaviy laboratoriya xonasi va 3 ta axborot-resurs markazi, shinam yotoqxona, oshxona, trenajyor zali, sport maydonlari, qoʻshimcha mashgʻulot xonalari mavjud. Mashgʻulotlarda tinglovchilarga interfaol metodlardan foydalangan holda chet tillari oʻrgatiladi. Shuningdek, muassasada alohida batalongacha boʻlgan boʻlinma harbiy xizmatchilariga xorijiy tillarni onlayn tarzda oʻqitish imkoniyati ham yaratilgan.

Mutaxassislar bergan maʻlumotlarga koʻra, markazda gʻarb va sharq tillari, xususan, ingliz, rus, nemis, pushtu, dariy kabi 8 ta xorijiy til 6 oy mobaynida intensiv usulda mukammal oʻrgatiladi va kurs oxirida barcha tinglovchilar tegishli sertifikatlar beriladi.

Markazda, shu bilan birga, muzokaralar va mehmonlarni kutish xonalari ham mavjud boʻlib, bu yerda kelgusida turli davlat harbiy xizmatchilari bilan hamkorlik tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, markaz tarixida ilk marotaba videokonferens-aloqa tizimi orqali onlayn mashgʻulotlar va uchrashuvlar oʻtkazish imkoniyati ham tashkil qilingan. 

Yulduz Oʻrmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti