Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli Jizzaxda konsert dasturini taqdim etdi

0
606

Jizzax garnizonida harbiy xizmatchilar oila a’zolarining dam olish kunlarini maroqli oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Ansambl boshligʻi polkovnik Zafar Bobojonov boshchiligida tashrif buyurgan harbiy sanʻatkorlar dastlab Jizzax shahridagi kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 22-sonli umum taʻlim maktabida boʻlib, yoshlar uchun oʻzlarining ona Vatan va tinchlikni, sadoqat, mehr-muhabbat va jasoratni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlari bilan yoshlar qalbiga iliqlik ulashdi.

Garnizondagi harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari uchun tashkil etilgan konsert dasturida ham har bir yangragan kuy-qoʻshiq va goʻzal raqslar harbiy oilalarga joʻshqinlik, madaniy hordiq ulashdi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birining harbiy orkestri tomonidan Yunusobod tumanidagi “Posira” mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilgan mobil madaniyat markazida konsert dasturi oʻtkazildi.

Tadbir davomida harbiy orkestr ijodkorlari tomonidan estrada hamda harbiy yo‘nalishdagi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Ijodkorlarning diltortar qoʻshiqlarni mohirona ijro etgani, mahalliy aholi vakillarining xush kayfiyati va olqishlarida yaqqol namoyon boʻldi.

Oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar ertamiz egalarining kamoloti, ularda ona Vatanga sadoqat va muhabbat tuygʻularini yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, yoshlarda musiqa, madaniyat va sanʻatga boʻlgan qiziqishlarni shakllanishida ham muhim omil boʻlib xizmat qilsa, ajab emas.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.