Toshkent va Qarshida Muvofiqlashtiruvchi kengashlar yigʻilishlari o‘tkazildi

0
1179

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 13-yanvar kuni oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari ishtirokida Toshkent harbiy okrugi qoʻmondoni boshchiligida Muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi oʻtkazildi.

Ta’kidlash kerakki, har yili bu kabi yig‘ilish Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yakunlangan yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tahlil qilish maqsadida tashkil etiladi.

Toshkent harbiy okrugida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlari bilan birgalikda “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash va mahallalarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlarini bajarish mexanizmi toʻgʻrisida kengash aʼzolari bilan birgalikda tegishli qaror qabul qilindi.

Shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengashning yana bir yig‘ilishi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati binosida ham o‘tkazildi. Unda okrug qoʻmondonligi, Qarshi harbiy sudi, Qarshi harbiy prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Bojxona, Ichki ishlar, Milliy gavardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari singari qator kuch tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida yakunlangan 2022-yilda erishilgan qator yutuqlar eʻtirof etildi. Shu bilan birga, sodir etilgan jinoyatlar sarhisobi tinglanib, oldinda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar oʻrtaga tashlandi. Muammolar yechimi tahlil etilishi barobarida profilaktik tadbirlarning son va sifatini oshirishga kelishib olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda Qurolli Kuchlarda qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, qo‘shinlarning jangovar shaylik darajasini yanada oshirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash, sog‘lig‘ini saqlash, ularning xizmatni o‘tash va yashash joylaridagi ijtimoiy-maishiy sharoitlarni izchil yaxshilab borish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati