O‘zbekiston—Turkiya: harbiy tibbiyot sohasidagi hamkorlik tobora rivojlanmoqda

0
889

Zamonaviy tibbiyotning barcha jabhalarini o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitali o‘z faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratayotir.

Jumladan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida tobora ravnaq topayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari doirasida mazkur harbiy shifoxona Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti bilan tibbiyot sohasida aloqalari ko‘lamlarini kengaytirmoqda.

Xususan, tibbiy taʼlim va menejmentni rivojlantirish, kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar, shuningdek, xorijiy harbiy shifokorlar bilan birgalikda turli murakkab jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida joriy yilning 23-yanvar kuni Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti bilan birgalikda Markaziy harbiy klinik gospital va va Qurolli Kuchlar tibbiyot akademiyasi mutaxassislari uchun tegishli bilim va ko‘nikmalar hosil qilish maqsadida turk universitetida bir oy davom etadigan malaka oshirish kurslarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Turkiya Sog‘liq bilimlari universiteti rektori Jevdet Erdol 2019-yilda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshida universitet fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar oliy maktabi ochilganini yodga oldi.

2022-yilda oliy maktab tomonidan 52 nafar hamshiraga oliy hamshira diplomi topshirilgani va 60 nafarga yaqin professor va doktorlar o‘z tajribalarini o‘rtoqlashish maqsadida O‘zbekistonda bo‘lishganini maʼlum qildi. U joriy yilda bu ko‘rsatkichni 100 nafarga yetkazish rejalashtirganini bildirar ekan, O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikka tayyor ekanligini taʼkidladi.