Jangchi yuragidagi his

307

Qanchalik erish tuyulmasin, jasorat tuygʻusini yuzaga chiqishida vatanparvarlik tushunchasining nazariy va amaliy roli nihoyatda katta. Davlat va jamiyat nechogʻlik taraqqiy etmasin, ushbu tuygʻularni kishilik vujudiga singdirish yoʻlida takror va takror islohotlar amalga oshirilaveradi.

Amerika siyosiy falsafasi va axloqshunosligining atoqli vakili A.Ch. Makintayr oʻzining “Vatanparvarlik fazilatmi?” maqolasida bu tushunchani maʼlum umuminsoniy qadriyatlar va tamoyillar bilan taqqoslab, har bir inson oʻz ona Vatanida umumeʼtirof etilgan axloqiy meʼyor va tamoyillarnigina anglaydi va oʻzlashtira oladi, degan xulosaga kelgan edi. Yana bir Gʻarb tadqiqotchisi Endryu Meyson: “Fuqaro boʻlish sodiq vatandoshlar oldidagi burch va majburiyatlarni oʻz zimmasiga olish hamda bajarish demakdir”, deya fikr bildiradi.

Umuman olganda, bu tushuncha har bir davlat va jamiyat maʼnaviy qiyofasining muhim bir boʻlagi boʻlib kelgan. Har bir xalq vatanparvarlik tushunchasini oʻz lugʻat va tillarida turlicha talqin etadi. Bu ularning ijtimoiy kelib chiqishi va etnik tarixi bilan ham bevosita bogʻliqdir.

Masalan, “Pedagogik ensiklopediya”da: “Vatanga muhabbat, uning manfaatlari haqida qaygʻurish va uni dushmanlardan himoya qilishga tayyorlik tuygʻusini ifodalovchi ijtimoiy-siyosiy va axloqiy tamoyil. Vatanparvarlik oʻz Vatanining yutuqlaridan gʻururlanish, uning muvaffaqiyatsizliklari va baxtsizliklaridan qaygʻurish, oʻz xalqining tarixiy oʻtmishini hurmat qilish, xalq xotirasi, milliy va madaniy anʼanalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishda namoyon boʻladi”, deya keltirib oʻtiladi.

Shuningdek, “Siyosatshunoslik: Ensiklopedik lugʻat”da: “Vatanga xizmat qilishga va uni dushmanlardan himoya qilishga tayyorlikda ifodalangan hissiy munosabatdir”, deya ifodalansa, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da esa bu atamaga: “Vatanparvarlarga xos ish, xatti-harakat, xislat”, deya taʼrif beriladi.

Ushbu izohlarni umumlashtirsak, vatanparvarlik – kishilarning tugʻilib oʻsgan yeriga muhabbati va sadoqatini ifodalaydigan keng qamrovli tushuncha. Vatanparvarlik maʼnaviy, axloqiy va ijtimoiy-madaniy tarkibiy qismlarga asoslangan shaxsning ijobiy xususiyatlarining butun majmuasini shakllantirish va rivojlantirishni nazarda tutadi.

Epik asarlar qahramonlarida vatanparvarlik

Epik asar qahramonlariga xos boʻlgan muhim xislatlardan biri ularning oʻz Vatanlari taqdiri bilan bogʻliq ijtimoiy masalalar, xalqlarning oʻzlari yashayotgan hududning daxlsizligi va mustaqilligi yoʻlidagi kurashi jarayonida takomillashib borishida koʻrinadi.

Dostonlarning tarbiyaviy-mafkuraviy jihati, ayniqsa, jang sahnalarida koʻzga tashlanadi. Chunki epik qahramon maʼnaviy jasorati murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qila olish texnikasida ochilib boradi. Biz oʻqigan koʻplab asar yoki filmlardagi qahramonlar oʻzlarining jang sanʼatini namoyon qilishi, qiyin vaziyatlarda jasorat koʻrsata olishi, yovuz kimsalarni yoʻq qilishi kabi fazilatlari bilan xotiramizga oʻrnashib qoladi. Chunki murakkab vaziyatlardagina jangchilarga xos boʻlgan vatanparvarlik tuygʻulari yuzaga chiqadi.

Eʼtibor qaratsak, hatto eng mohir jangchilar ham oʻzidagi qoʻrquv va gʻashlikni yuksak va sharafli vazifani ado etayotgani bilan arita oladi. Ular tanlagan hayot va oʻlim orasidagi yoʻl shunchalar ulugʻki, ikki dunyoda ham ularning nomini shon-sharafga burkaydi.

Quyidagi jang oldi qahramonlarning oʻz-oʻziga berayotgan dalda va tasallilarini oʻqir ekansiz, bunga ich-ichingizdan guvoh boʻlasiz:

Aslo vahmi-tars koʻngilga keltirmang, maydonda dushman bilan savashib, talashib oʻlsak, bizlarga qanday gʻanimat. Oxiri odam bor, oʻlim bor. Bir kun boʻlmoq, bir kun oʻlmoq. Iymoni bilan oʻlgan oʻlmaydi. Iymonli qul oʻlmaydi degan. Ey yigitlar, aslo gʻam yemanglar, oʻlaman deb voyim qilmang”.

Jasorat va jang motivi shubhasiz har qanday dostonning kulminatsion fabulalarini tashkil etadi. Chunki ayovsiz janglarda qahramonlarning ichki dunyosi, jangovar salohiyati, vatanparvarligi bor boʻy-basti bilan yuzaga chiqadi. Jangda bosh qahramon qoʻshinga ilhom bagʻishlaydi, namuna koʻrsatadi, askarlarning psixologiyasini muvozanatga solib turadi.

Xalqining qahramonlik tarixi, turmushi, odatlari, buyuk jasoratlari haqida yozilgan asarlar yosh avlodda oʻz qahramonlari bilan faxrlanish, ularga oʻxshashga harakat qilish, jasoratli boʻlish istagini yuzaga chiqarishda muhim rol oʻynaydi.

Bu haqda “Qutadgʻu bilik” asarida alohida toʻxtalinar ekan, sarkarda doim qoʻshinga ilhom bagʻishlay olishi, uning har bir harakati, harbiy aslahalari va taʼminoti, hatto mingan tulpori ham uning martabasiga loyiq boʻlishi kerakligi taʼkidlanadi. Chunki uning ortidan butun qoʻshin, har bir jangchiga namuna boʻla olish masʼuliyati turadi.

Albatta, yoshlar oʻz qahramonlariga oʻxshashni xohlaydi, undan ibrat olish, uning qahramonliklarini qaytarishni orzu qiladilar. Tarixiy-badiiy adabiyotning tarbiyaviy ahamiyati ham ana shundadir.

Ushbu asarida yovga qarshi otlangan askarboshi dushmanni sindiruvchi, magʻlub etuvchi kishilarni oʻziga yaqin tutishi kerakligiga alohida urgʻu beriladi. Zero, jangning qanday yakunlanishi aynan qahramon, mard askarlarning saʼy-harakatiga bogʻliq. Yurush chogʻida ilgʻor qism (yazak) va aygʻoqchi guruh (tutgʻaq) tarkibi sara, tajribali jangchilardan tanlanishi, aygʻoqchilar keltirgan maʼlumot asosida ilgʻor qism gʻanimga zarba berishi, qoʻshinning bosh kuchlari soqchi otliq qism (yoʻrtugʻ) bilan ehtiyot qilinishi, askariy saflar bir-biridan uzoqlashib ketmasligi, lashkargoh (tushun) tanlashga alohida eʼtibor qaratilishi, u soqchi otliqlar guruhi bilan ehtiyot qilinishi, hushyorlikni qoʻldan bermaslik, gʻaflatda qolmaslik singari vazifalar belgilangan.

Xalq dostonlari va jangchi hayoti

Adabiyot va sanʼatning qar qanday turi singari xalq ijodi dostonlari ham kuchli gʻoyaviy-badiiy mazmunga ega boʻlib, millatning koʻp asrlik tarixiy taraqqiyotining oʻziga xos sharoitlari, ijtimoiy munosabatlarning oʻziga xos xususiyatlari, milliy xarakter, anʼana va eʼtiqodlarni ochib berishda muhim ahamiyatga ega. Avvalo xalq dostonlari harbiy xizmatchilarning axloqiy fazilatlarini shakllantirishga, vatanparvarlik, mardlik, jangovar birodarlik qoidalariga sodiq boʻlishga, jang maydonlarini tashlab qochmaslikka, harbiy burchiga hayotining soʻnggiga qadar sodiq qolishga oʻrgatadi.

Demak, dostonda aks etgan bu kabi fazilatlar, harbiy-vatanparvarlik tamoyillarini harbiy xizmatchilarga singdirishda quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etadi.

Birinchidan, jangnoma dostonlar eng avvalo harbiy xizmatchida Vatan himoyasi uchun zarur boʻlgan axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ularning yuksak maʼnaviy jasoratini oʻzlariga singdirish vazifalarini amalga oshiradi.

Ikkinchidan, qahramonlik va jangnoma dostonlari yoshlar ongida harbiy xizmatning ijtimoiy ahamiyatini mustahkamlaydi, Qurolli Kuchlarimizga muhabbat, maʼnaviy-ruhiy immunitetni oshirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, xalq eposlari qahramonlarining oliy maqsadi Vatan ozodligi va farovonligini yakdil saqlash, bu yoʻlda har qanday dushman bilan yakkama-yakka kurashishga shaylik normalariga asoslanganini inobatga olsak, harbiy xizmatchilarning ekstremal sharoitlarda ham ruhiy barqarorligini mustahkamlashga koʻmaklashadi.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti