Surxondaryoda harbiy xizmatchilar o‘rtasida viloyat hokimi sovrini uchun musobaqalar o‘tkazildi

0
798

Surxondaryoda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari oʻrtasida “Amir Temur oʻgʻlonlari”, “Jaloliddin Manguberdi vorislari” va “Toʻmaris izdoshlari” tanlovlari bo‘yicha viloyat hokimi sovrini uchun bellashuvlar o‘tkazildi.

Mazkur tanlovni o‘tkazishdan maqsad — harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismoniy tarbiya bilan faol shugʻullanishga jalb etish, Surxondaryo viloyatining baxshichilik, dostonchilik va Alpomishdek qahramonlarga tenglashish kabi anʼana va qadriyatlarini ularning ongiga singdirish iborat.

Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimligi, barcha kuch tuzilmalar mas’ullari, viloyat ot sportini rivojlantirish boshqarmasi vakillari ishtirok etib, bellashuv ishtirokchilariga omad tiladi. 

Har bir hududining oʻziga xos xususiyatlari, qadriyatlari, tarixi va madaniyatini, armiya va xalq yakdilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan mazkur tanlov murosasiz va qiziqarli bahslarga boy boʻldi.

Xususan, koʻrik tanlovning “Toʻmaris izdoshlari” yoʻnalishi boʻyicha barcha kuch tuzilmalardan jami 8 nafar ayol harbiy xizmatchi ishtirok etib, pnevmatik miltiqdan oʻq otish, “Kalashnikov” avtomatini notoʻliq qismlarga sochish va yigʻish hamda “Tibbiy estafeta” shartlari bajarildi.

Surxondaryo viloyati hududida joylashgan harbiy qismlarda xizmatini oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning baxshichilik sanʼati va ot minish sirlaridan xabardorligini oshirish musobaqaning asosiy maqsadlaridan biri boʻldi. Shu bois ularning doʻmbirada, chanqovuzda kuy ijro etishi hamda uloq chopish mahorati sinovdan oʻtkazildi.

Ta’kidlash kerakki, hakamlar hayʼati bayonnomasiga asosan, musobaqaning har bir yo‘nalishi boʻyicha yuqori ball olgan ishtirokchilar tanlovning viloyat bosqichida gʻolib hisoblanadi. Yakuniy natijalarga koʻra, viloyat bosqichida belgilangan har bir yoʻnalish boʻyicha Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Gʻoliblik shohsupasidan oʻrin olgan harbiy xizmatchilar viloyat hokimi tomonidan qimmatbaho sovgʻalar, pul mukofotlari hamda maxsus diplom bilan taqdirlandi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni