“Amir Temur jangovar bayrogʻi” Markaziy harbiy okrugga oʻrnatildi

0
1723

Yurt himoyachilarining maʻnaviy-intellektual tayorgarligini, jangovar xizmat faoliyatida erishgan yutuqlarini munosib ragʻbatlantirish, harbiy okruglar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida “Amir Temur jangovar bayrogʻi” uchun tashkil etilgan musobaqalarda barcha harbiy okrug qoʻshinlari faol ishtirok etdi.

140 ga yaqin koʻrik tanlov va bellashuvlarni oʻzida jamlagan mazkur nufuzli musobaqalar eng yuqori koʻrsatgichga erishgan harbiy okrugga ona Vatanga sadoqat, mardlik, jasorat, fidoyilik, yuksak mahorat va harbiy sharaf ramzi boʻlgan “Amir Temur jangovar bayrogʻi” tantanali ravisha topshirilishi belgilangan edi.

Aytish kerakki, jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Sohibriqon Amir Temurning sarkardalik mahoratidan ruhiy kuch olib, munosib davomchilari ekanini amalda koʻrsatishni qatʻiy maqsad qilgan harbiy xizmatchilar milliy sport turlari va milliy qadriyatlar yoʻnalishlari boʻyicha ham bor bilim va mahoratlarini amalda namoyon etdilar. Albatta, har qanday musobaqa-yu tanlov yakunida eng kuchlilargina gʻolib boʻladi. Ilk bor ana shunday imkoniyat Markaziy harbiy okrug qoʻshinlariga nasib etdi.

Mazkur bayroq dastlab okrugning maʻmuriy hududlari boʻlgan Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida harbiylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali kutib olingani haqida xabar berilgandi. Shundan soʻng, jangovar bayroq Samarqand shahridagi Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligiga olib kelindi.

“Amir Temur jangovar bayrogʻi”ni tantanali qarshi olish tadbirida okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Oybek Saidov, faxriylar va yoshlar ishtirok etib, uning uchun oʻtkazilgan tanlovlarda munosib ishtirok etgan barcha harbiy xizmatchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Shuningdek, tadbir yakunida “Amir Temur jangovar bayrogʻi” Markaziy harbiy okrugning situatsion markazida tashkil etilgan maxsus joyga oʻrnatildi va kelgusi musobqalar yakuniga qadar muhrlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati